Xususiy OTMga qabul xuddi davlat OTM kabi yiliga faqat bir marta – iyun-sentabr oylarida bo‘lishi belgilandi. Bu xususiy OTMning qabulni o‘zlari amalga oshirishiga oid “Ta’lim to‘g‘risida"gi qonun normasiga zid, qolaversa, davlat OTMga kirolmagan abituriyentlarning tanlov imkonini cheklashi mumkin. Sababi davlat OTMda kvota cheklangan.
Prezident farmoni bilan respublikada faoliyat yurituvchi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallari bakalavriati va magistraturasiga qabul bir o‘quv yilida bir marta (iyun — sentabr oylari oralig‘ida) amalga oshirilishi belgilandi.
Farmondagi o‘zgarishga ko‘ra, zarur hollarda, oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga bir o‘quv yilida ikkinchi marta qabul qilishga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining taklifiga asosan Davlat komissiyasi tomonidan ruxsat etilganda yo‘l qo‘yiladi.
Biroq “Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish tartibi ushbu ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilanishi kerak.
Qonundagi ayni mana shu talabning buzilishi ta’lim faollarining e’tiroziga sabab bo‘lyapti.
Yiliga bir necha martalik qabul – keng tarqalgan amaliyot
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning qayd etishicha, yangi tartibning savolli o‘rinlari ko‘p.
“Shu paytgacha ayrim nodavlat OTM va xorijiy OTM filiallari yil davomida bir necha marta qabul e’lon qilgan. Masalan, Webster universiteti yilda 3 marta qabul qilib kelgan, TeAM universitetida ham qishki qabul bor edi. Umuman, bu (yil davomida bir necha marta talabalarni qabul qilish) butun dunyoda keng tarqalgan amaliyot sanaladi.
Farmon loyihasini tayyorlagan va “tepa"ga kiritgan idora [Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi] mazkur hujjatning o‘zidan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjat — qonunga qay darajada mosligini tahlil qilganmi?" deb yozadi Komil Jalilov.
“Xususiylarga ikkinchi variant sifatida qarash yo‘qoladi"
Ta’lim sohasida tadbirkor Bektosh Hotamov esa bu qaror to‘g‘ri bo‘lgani haqida munosabat bildirdi. Sababi “abituriyentlar odatda nodavlat yoki xorijiy oliygohlarni davlatnikidan yiqilib qolsa, ikkinchi variant sifatida ko‘rishar edi.
Endilikda nodavlat va xorijiy oliygohlarga ham bir xilda qarashadi".
Savolli o‘rinlar
Bektosh Hotamov yangi tartibning ijobiy tarafini aytishdan tashqari, farmonning qachondan amalga kiritilishi, uning “Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunga zidligi haqida to‘xtalib o‘tadi.
“Prezident farmonida muddat ko‘rsatilmagan, demak u qabul qilingan sanadan kuchga kiradi, lekin tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomili murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjat bo‘lgani uchun uch oydan keyin kuchga kiradi.
Bu esa joriy yilning 3 oktabr sanasiga qadar bemalol vaqt bor degani, ya’ni bu yilgi qabullarni 2023 yil 3 oktabr kuni (shu kuni ham) amalga oshirish mumkin", deb yozadi u.
Vazirlikning munosabati qanday?
Xususiy OTMga faqat bir marta qabul bo‘lishiga oid yangi normaga bildirilayotgan e’tirozlarga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham munosabat bildirdi.
Munosabatda aytilishicha, bu tartibdagi “qabul bir o‘quv yilida bir marta" jumlalari qabul soniga nisbatan emas, muddatga nisbatan tatbiq etiladi.
“Shunga ko‘ra, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalar qabulini iyun – sentabr oylari davomida o‘tgan yillardagi kabi amalga oshirishi mumkin, ammo qabul natijalari bo‘yicha talabalikka tavsiya etishni 1 oktyabrga qadar yakunlashlari lozim bo‘ladi.
Mazkur tartibning belgilanishi oliy ta’lim tashkilotlarida muayyan o‘quv yilida o‘quv jarayonini barcha guruhlar uchun bir vaqtda boshlash orqali ta’lim sifatiga bo‘lgan salbiy ta’sirlarni bartaraf etishga asos bo‘ladi", deyiladi munosabatda.
Lekin munosabatda aniq gap va qo‘yilayotgan savollarga javob yo‘q.
Tanlov imkoni pasayyapti
Agar xususiy universitetlarda ham qabul davlat OTMniki bilan bir xil muddatda amalga oshirilsa, unda davlat OTMdan yiqilgan talabalarda boshqa tanlov bo‘lmasligi aniq. Sababi ajratilgan kvotaga qaraganda ko‘proq abituriyent OTMga hujjat topshiradi.
Masalan, bu yilgi qabulda 948 ming nafar abituriyent kirish imtihonlarida qatnashishi belgilangan, lekin ajratilgan kvota 190 287 mingga yaqin. Balli yetmaganlar va davlat OTMni tanlaganlar o‘qishga kirolmagach, yana qo‘shni davlatlardagi OTMga hujjat topshirib, bir yildan keyin “perevod" uchun qayta hujjat topshirishiga to‘g‘ri kelmaydimi?
Qabulning faqat bir marta qilib cheklanishi OTMning qabul tizimini tartibga olishdek yaxshi maqsadni ko‘zlagan bo‘lsa va bundan ta’lim sifati yaxshilanishiga umid qilinayotgan bo‘lsa, Oliy ta’lim vazirligi va boshqa mas’ul tashkilotlar nega aynan shu mavzuning o‘zida alohida matbuot anjumani tashkil qilmayapti?
Xususiy OTMni boshqarayotgan tadbirkorlar, ularda o‘qiyotgan talabalar, abituriyentlar bilan uchrashib savollarga javob berilsa, turli savolli o‘rinlar kamaygan bo‘lardi.