Xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Loyiha bilan xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi 1992 yil 1 yanvardan so‘ng berilgan hujjatlarni tan olish hamda ularni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibini belgilash nazarda tutilgan.
Xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) deganda vakolatli davlat organlari tomonidan ushbu hujjatlar egalari tayyorgarligi darajasi muvofiqligini belgilash va ularga O‘zbekiston Respublikasining ta`lim to‘g‘risidagi hujjatlariga ega bo‘lgan shaxslarga berilgani kabi akademik va (yoki) kasbiy huquqlar berilishi tushuniladi.
Xorijiy davlatlarda kasb-hunar va oliy ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) hamda tegishli guvohnoma berish bevosita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta`lim to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, viloyatlar xalq ta`limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Loyihada nazarda tutilishicha, xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta ta`lim (9-sinf) bosqichidan keyin 10, 11 va undan yuqori sinflarni tugallamasdan kelgan fuqarolarning ta`lim hujjatlari (ma`lumotnoma yoki baholar tabeli)ni tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, viloyatlar xalq ta`limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ma`lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tegishli komissiyalar tomonidan ariza va ma`lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi, uning notarial tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi asosida murojaat qilingan kundan boshlab eng ko‘pi bilan ikki hafta muddatda amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) quyidagi hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror, farmoyish va bayonnomalari asosida xorijiy davlatlarda ta`lim olgan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritishiga ruxsat etilgan xorijiy davlatlarning oliy ta`lim muassasalarida ta`lim olgan;
mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar)ga muvofiq tasarrufida oliy ta`lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning yo‘llanmalari asosida ta`lim olgan;
xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta`lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatiga kiritilgan, Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan har yili ro‘yxati tasdiqlanadigan ta`lim muassasalarida ta`lim olgan bitiruvchilarning ta`lim to‘g‘risidagi hujjatlari.
Xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish talablari:
ta`lim to‘g‘risidagi hujjatni bergan ta`lim muassasasi o‘zi joylashgan davlatning vakolatli organlari tomonidan tan olingan bo‘lishi;
ta`lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda tan olingan bo‘lishi;
ta`lim to‘g‘risidagi hujjatning tan olinishi O‘zbekiston Respublikasi bilan davlatlararo bitimlarda ko‘zda tutilgan bo‘lishi zarur.
Mazkur bandda belgilangan talablarga mos kelmaslik xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olmaslikka asos bo‘ladi.
Xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalashda ushbu davlatlarning ta`lim to‘g‘risidagi hujjatlari tan olingandan keyin ularning O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan davlat ta`lim standartlariga mosligi aniqlanadi. Ekvivalentlikni qayd etish jarayoni maxsus ekspertiza orqali o‘tkaziladi.
Maxsus ekspertiza quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:
o‘quv rejalari va dasturlarining mazmuni hamda muvofiqligi;
kirish sinovlarining mavjudligi;
imtihonlar va sinovlar tizimi;
ta`lim oluvchining o‘qish davridagi baholari (erishgan natijalari, reytingi, o‘zlashtirishi);
o‘zlashtirilgan fanlar hajmi (fanlarning nomi va soatlar miqdori);
amaliyotning mavjudligi va uning davomiyligi;
yakuniy malaka attestatsiyasining mavjudligi va darajasi;
bitiruv malaka ishining mavjudligi;
qo‘shimcha ta`limning mavjudligi.
Olingan bilimlar va tajriba yakuniy tayyorgarlik nuqtai nazaridan o‘quv rejalari va ta`lim uslubiyatida bo‘lishi mumkin bo‘lgan farqlarni e`tirof etgan holda baholanadi.
Xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarda ko‘rsatib o‘tilgan tayyorgarlik sohasi O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta`lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga mos kelmasa (kooperatsiya yo‘li bilan yoki maqsadli ta`lim olgan ariza beruvchining hujjatlari bundan mustasno) yoki o‘qitish hamda tayyorlash O‘zbekiston Respublikasida olib borilmaydigan ta`lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va sohalarda amalga oshirilgan bo‘lsa, mazkur xujjatlarning ekvivalentligini qayd etish masalasi ekspertlardan iborat maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Xorijiy davlatlarda ta`lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning ekvivalentligi to‘g‘risidagi salbiy xulosa quyidagi hollarda qabul qilinadi:
xorijiy davlatlarda professional ma`lumot to‘g‘risida hujjat beradigan ta`limning umumiy me`yoriy davri (to‘liq o‘rta ma`lumot olingandan keyin) O‘zbekiston Respublikasi ta`lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan bir yildan kam bo‘lsa;
ta`lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan mamlakatda uning egasiga O‘zbekistondagiga qaraganda kam akademik va (yoki) professional huquqlar berilgan bo‘lsa (masalan, hujjat egasi oliy o‘quv yurtlariga, magistratura yoki doktoranturaga kirish, professional faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega emasligi);
ma`lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilmagan ta`lim shaklida olingan bo‘lsa.
Manba: kun.uz