Xalq ta’limi tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Xalq ta`limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. 

Hujjat bilan quyidagilar xalq ta`limi tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta`limni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, har tomonlama kamol topgan avlodni tarbiyalash, o‘quvchilarning ma`naviy-axloqiy va intellektual rivojlanishini ta`minlash;

ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining muvofiqlashtiruvchi roli va mas`uliyatini kuchaytirish, shuningdek, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur yo‘nalishdagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish;

rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li bilan xalq ta`limi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish;

xalq ta`limi muassasalarini boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shaffof va samarali jamoatchilik nazoratiga erishish, shu jumladan, barcha muassasalarning telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini ta`minlash, barcha foydalanishi mumkin bo‘lgan ma`lumotlar manbasini yaratish, ularning faoliyatini baholashning elektron reyting tizimini joriy etish;

xalq ta`limi muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni va ijtimoiy muhofaza qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish;

zarur tashkiliy-huquqiy va texnik-iqtisodiy sharoitlarni yaratish yo‘li bilan umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta`lim sohasida nodavlat xizmatlarni ko‘rsatishga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish;

xalq ta`limi tizimiga ilg‘or xorijiy tajribani, o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, shu jumladan, ta`lim berishning innovatsion usullarini joriy etish, o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratish, fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

Manba: kun.uz