O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari ishtirokida «Yosh delegat» konferensiyasi o‘tkazildi


Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 10-12-may kunlari yurtimiz umumta’lim maktablarining 8-11-sinf o‘quvchilari ishtirokida «Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish» mavzusida BMT simulyasion «Yosh delegat» konferensiyasi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Konferensiya «Huquqiy madaniyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Doha Deklaratsiyasining amalga oshirilishi bo‘yicha Global dastur» homiyligida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi (UNODC ROCA), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etildi.


Konferensiya davomida o‘quvchilar diplomatlar kabi BMTning rasmiy tillarida BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi mavzular, jumladan, «Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish», «Atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi jinoyatlarning oldini olishning samarali usullarini shakllantirish», «Korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolik jamiyatining roli» mavzulari muhokamalarda ishtirok etib, ikki qo‘mita, ya’ni BMT Bosh Assambleyasi hamda Jinoyatchilikni oldini olish va adolatli sudlov bo‘yicha BMT Kongressini simulyasiya qildi.

Ta’kidlash joizki, anjumanning bosh maqsadi Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy uchrashuvlari andozasida o‘tishini ta’minlashdir. Shuningdek, anjuman o‘quvchilarni diplomatik sohadagi yechimlar, qiyinchiliklar va eng yaxshi tajribalarni o‘rganish maqsadida birlashtiradi. Anjuman mamlakatimizning barcha o‘quvchi-yoshlarini BMT faoliyati va uni ish yuritish tizimi bilan tanishtirib, ularga omma oldida nutq so‘zlash, muammolarini yechish, diplomatik muzokara olib borishni o‘rgatadi. Qolaversa, xalqaro bilim va tajribalarni berish orqali ularni davlatimiz rivojiga hissa qo‘shish, kelgusida xalqaro hamjamiyat oldida yurtimiz nufuzini yanada oshiradigan kadr hamda ijtimoiy mas’uliyatli fuqarolar bo‘lib yetishish yo‘lida birlashtiradi - deydi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev.


Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur anjumanda ishtirok etish bo‘yicha tanlov elon qilingach, respublikamiz bo‘yicha 3000 ga yaqin o‘quvchi unda ishtirok etish istagini bildirib, hujjat topshirgandi.