Bir sutkada 1440 daqiqa bor. Ixtiyoringizdagi vaqt bundan ko‘p ham kam ham emas. Shuning uchun vaqtdan maksimal foydalanish yo‘lini topishingiz darkor. Muvaffaqiyatingiz darajasi bajara olgan yoki bajara olmaganingiz bilan bog‘liqdir.
Yoshligimda xayolimga kelgan ishni eplay olaman deb o‘ylardim, ammo ulg‘aygan sari vaqtning qadriga yeta boshladim. Kunlardan bir kuni xitoylik adib va faylasuf Lin Yuytan “Ishni tugallash asl san’at bo‘lsa, ishni tugallamaslik asl san’ati ham bor. Ikkinchi darajali narsalarni bartaraf etish ham oqillikdir", degandi.
Kun davomida strategik fikrlash qobiliyati Sizning ish unumdorligingiz va daromadingizni oshiradi. Omadli odamlar vaqtni tasarruf etish bo‘yicha ekspertlardir.
Sizga bir sirni ochamiz: taym-menejment bo‘yicha ekspertlikka yetishishingiz uchun maxsus kurslarga qatnash yoki yuzlab kitoblarni mutolaa qilishingiz shart emas. Boshlamasiga quyidagi besh uslubni o‘zlashtirishga urinib ko‘ring:
1. Kuningizni avvaldan rejalashtiring. “Qog‘ozda kun rejasini yakunlamay turib hech qachon kunni boshlamang", deydi Jim Ron. “Yo o‘z kuningizni boshqarasiz, yo kun Sizni boshqaradi".
Kunni rejalashtirishga sarflagan har bir daqiqangiz ishni bajarishda o‘n daqiqani tejaydi. Kunni astoydil rejalashtirib olish uchun arzimagan daqiqalar kifoya, ammo bu oz daqiqa ko‘p soatlaringiz va quvvatingizni iqtisod qiladi.
Kunni rejalashtirishimdan oldin o‘zimga savol beraman: bugun eng muhim yumushim qaysi? Men aqalli birgina natija sari eltuvchi yumushni bajarganimga ishonishni istayman.
2. Muhimlik darajasiga ko‘ra amallarni tizib chiqing. Hamma yumush birday zarur bo‘lmaydi. Ko‘pchilik kishilar rejalashtirgan muhim va ikkinchi darajali ishlarini qorishtirib yuborishadi. Arzimas yumushlar Sizning vaqtingiz va kuchingizni olib qo‘ymasin.
Bajaradigan ishlarimni muhimlik darajasiga ko‘ra tizib olganimdan keyin ishlarim yurishib ketdi. Bu o‘z qadrimga yetishimda ham ko‘maklashdi. Masalan, tijoriy ishga vaqt ajratgandan ko‘ra oilamga ko‘proq vaqt ajrataman.
3. Oddiygina qilib “yo‘q" deng. Siz nima qilayotgan bo‘lsangiz, bu o‘zingizning qaroringiz natijasidir. Ayrimlar bu faktni qabul qilishi qiyin kechadi, ammo hayotimizni qanday ishga sarflayotganimiz hayotimizning o‘zidir.
Agar dilingiz g‘ash, toliqqan va tushkun bo‘lsangiz, sababi “yo‘q" deb tez-tez aytmaganingizdan bo‘lishi mumkin. “Yo‘q" deganingizda o‘zingizni noqulay sezishingiz mumkin, ammo bu so‘zni aytib, o‘zingizga ahamiyatli bo‘lgan “ha" tasdig‘iga o‘rin bo‘shatayotibsiz.
4. Kutilmagan hodisalarga tayyor turing. Reja tuzib olganingizga qaramasdan taym-menejmentingiz buzilib ketishi mumkin.
Telefon qo‘ng‘iroqlari sizni chalg‘ityaptimi?. Ulfatingiz “birrov xabar olish" uchun kirgach, suhbat cho‘zilib ketyaptimi? Demak, siz hamma murojaatlarga rozilik alomatini bildirasiz.
Kutilmagan hodisalar to‘g‘anoq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang. Hech kim va hech nima sizni ishdan bezovta qila olmaydigan vaqtni toping. Kutilmagan har narsaga tayyor turish uchun bor imkonni ishga soling.
5. 80ga 20 qoidasini ishga soling. Vaqtni boshqarishning eng foydali qoidalaridan biri “Pareto tamoyili", ya’ni 80/20 qoidasidir. Italyan iqtisodchisi Vilfredo Pareto nomiga qo‘yilgan aksioma “20 foiz urinishimiz 80 foizlik natijani beradi", deydi. Ya’ni, mijozlarning 20 foizi savdoning 80 foizini ta’minlaydi, 20 foiz mahsulot daromadning 80 foizini keltiradi, jamoaning 20 foizi guruhning 80 foiz muvaffaqiyatini keltiradi.
Bu tuzgan ro‘yxatingizning 20 foiziga 80 foiz vaqt sarflashingiz kerakligini bildiradi. Masalan, ro‘yxat 10 punktdan iborat bo‘lsa, 2tasiga eng ko‘p vaqt ajrating. Sizda 20 xodim ishlasa, 80 foiz vaqtingizni ulardan 4tasi bilan o‘tkazing... xullas, tushundingiz. Bu qoidani amalda qo‘llab ko‘ring va ish unumdorligingiz qanchalik oshganiga amin bo‘lasiz.
Agar bu usullar Siz istagan natijani berishiga ishonmasangiz, har oqshom o‘tgan kuningizni sarhisob qilishga o‘rganing: qanday yangi narsani o‘rgandingiz, 1440 daqiqani nimaga sarfladingiz, yana nimalar qila olishingiz mumkin edi? O‘tgan kunni tahlil qilib, o‘z xatti-harakatingizning foydali va behuda tomonlarini aniqlaysiz.
Gap nima haqda o‘ylayotganingizda, nima to‘g‘risida so‘zlayotganingizda yoki rejalashtirayotganingizda emas, nima qilayotganingizdadir. Kelajagingiz, bugun nima qilganingiz va qilmaganingizga bog‘liq. Charlz Spezzano aytib o‘tganidek, “Haqiqatdan ham, Siz pulingiz bilan emas, vaqtingiz bilan to‘lovni amalga oshirasiz".
Manba: erkak.uz