Ukrainada o‘qib kelgan yuzlab hindistonlik o‘qishni O‘zbekistonda davom ettiradi


Ukrainadagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘qib kelgan 200 nafar hindistonlik talaba bundan buyon ta’limini O‘zbekistonda davom ettiradi. Bu haqda O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, elchi Dilshod Axatov Nyu-Dehlida O‘zbekistonning Buxoro davlat tibbiyot instituti va Toshkent tibbiyot akademiyasi kabi davlat tibbiyot oliy o‘quv yurtlari tomonidan o‘tkazilgan suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan hindistonlik talabalarga o‘qishga qabul qilinganlariga oid bildirishnomalarni topshirgan.

O‘zbekiston tomoni hindistonlik talabalarga tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha doktorantura va bakalavriat darajalariga ega bo‘lgan ikkita tibbiyot dasturi bo‘yicha o‘qishni taklif qilgan.

TASS agentligining eslatishicha, joriy yil boshida Qozog‘iston hukumati ham Ukrainada tahsil olgan hindistonlik tibbiyot talabalarini qabul qilishga tayyorligini bildirgan.