Uchinchi renessans davriga zamin


Har qanday jamiyatning iqboli va istiqboli yosh avlodga bo‘lgan e’tiborga bog‘liqligi ayon. Prezidentimiz faoliyati va qarashlarining muhim yo‘nalishi ham shunga qaratilgani bejiz emas. Kelajakning bunyodkori, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi — yoshlarga munosabat masalasi davlatning ustuvor siyosatiga aylangani rost.

Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari zimmasiga yuklangan vazifalar ham ana shu maqsadga qaratilgan. Yoshlar borasidagi siyosat ta’limning uzluksizligigagina emas, balki uzluksiz tarbiyaga ham yo‘naltirilgani e’tiborlidir. Birgina misol sifatida Prezident maktablarining, atoqli adiblar nomi bilan bog‘langan ijod maktablarining ochilishini keltirish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi» — deganida qat’iy ishonch va aniq rejalar borligini nazarda tutayotgani sir emas. Aniq maqsadlar sari intilganda, shunga mos bo‘lgan intellektual, salohiyatli yoshlar va barkamol avlod zarur.

Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvida ana shu masalalarni ko‘ndalang qo‘ygani ham bejiz emas. Buning uchun o‘zi va so‘zi ibrat, ilm-u amali bilan o‘rnak bo‘ladigan yoshlardagina vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi, fuqarolik burchini anglash hissi ustuvor bo‘ladi. Bu esa kelajak avlodga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi tuzilishiga imkon tug‘dirdi.

Prezident nutqida keltirilganidek, hozirda Yoshlar Ittifoqining 7 million 690 ming nafar a’zosi mavjud ekan, bu raqam yangilanayotgan, chin ma’noda o‘zgarayotgan O‘zbekistonning istiqbolini belgilaydigan katta kuch ekanini unutmaslik kerak.

Prezidentimizning uch yil oldin yoshlarga ishonch bildirib aytgan ushbu so‘zlari hamon qulog‘imiz ostida jaranglaydi. «Xalq dengiz bo‘lsa, yoshlar uning to‘lqinidir». Demak, yoshlik — umrning avji va mavjiga qiyos.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektorda ana shu qudratli to‘lqinga umid va ishonch bilan qarab shunday dedi: «Yoshlar orasida «Men Sizning yoningizda turib, kamarbasta bo‘laman!» deb ko‘zi yonib turgan, bilimli, jasoratli yigit-qizlar borligiga ishonaman. Yetakchilikning, o‘z ortidan ergashtirishning eng to‘g‘ri yo‘li shaxsiy o‘rnak va namuna bo‘lishdir».

Ergashuvchi bo‘lib yurish liderlik, yetakchilik nisbati emas, balki ergashtiruvchilik uning sifatidir. Ergashtiruvchi bo‘lish uchun har tomonlama o‘rnak va ibratli bo‘la olish zarurdir. O‘zi o‘zgalarga namuna bo‘lmagan insonda liderlik salohiyati bo‘lmaydi.

Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilinishi asnosida ularning yechimiga daxldor bo‘lgan muhim va o‘zak masalalardan biri tilga olindi. «Bu ishlarning barchasi tilimizga e’tiborni kuchaytirish, yoshlarimizni milliy an’analarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilishi»dir.

Prezident ayni paytda buning javobini ham o‘zi keltirib o‘tdi. «Bu borada yoshlarimizda nutq madaniyati va notiqlik mahoratini oshirish uchun resublika yosh badiiy so‘z ustalari tanlovini o‘tkazish bugungi davr talabidir».

Darhaqiqat, yoshlarning ma’naviy va ma’rifiy savodxonligi hamda o‘z fikrini erkin va farovon ifodalash qobiliyati bo‘lmasa, ko‘zlangan maqsadga erishish mushkulligi ayon.

Tasavvur qiling, o‘z g‘oyasini tushuntira olmagan liderning, tadbirkorning, fermerning hamda rejasi va yo‘l xaritasini ravon bayon eta olmagan o‘qituvchi yoxud rahbarning, shuningdek, boshqa soha vakillarining harakati samarasi, ish natijasi qanday bo‘lishi mumkin? Shuning uchun ham, iqtisodning, siyosatning, xalqaro maydonlardagi munosabatlarning, moliyaviy, ma’naviy va ma’rifiy masalalarning alifbosi ham, ibtidosi ham nutq madaniyati va notiqlik mahoratidir.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, lider ergashtiruvchi bo‘lishi kerak ekan, xo‘sh, ergashtirish nimaning badaliga bo‘ladi? Albatta, qiziqtirish, o‘zaro manfaat hosil qilish evaziga shakllanadi. Bu esa, o‘z navbatida, nutq mahorati orqali ro‘yobga chiqadi. Shunday ekan, muammolar yechimi, masalalar bichimi ham notiqlik san’ati bilan. Ta’limning kaliti nutq bilan, tarbiyaning kaliti xulq bilan bo‘lgani kabi muloqotning ham ochqichi nutq, muomalaning tutqichi xulqdir.

Ana shuning uchun ham yosh rahbarlarning nutq madaniyati va notiqlik mahoratini oshirish zamon taqozosidir. Shu onda xalqimizning «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar» degan naqli beixtiyor yodga keladi.

Bugungi tahlikali zamonda, globallashuv davrida, ayniqsa, g‘oyalar kurashi keskin tus olgan paytda mazmundor mohiyatga ega nutq ham, mahoratli, fikri teran, so‘zga chechan notiqlar ham suvdek, havodek zarur. Chunki asosli, hayotiy, samarali targ‘ibot va tashviqotgina xalqni ishontiradi, ruhlantiradi, ulug‘ va qutlug‘ maqsadlar sari ilhomlantiradi. Aks holda, dushman undan ustomonlik bilan foydalanib omma ongini zaharlashi, turli oqimlar tomon og‘dirishi, asosiy maqsaddan chalg‘itishi, yo‘ldan ozdirishi hech gap emas. Jangda sen dushmanni otmasang, u seni otadi. Bu oddiy mantiq. Notiqlik mahoratidan unumli foydalana olsak, biz hamisha g‘olibmiz.

Hozirgi zamonda xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan paytda muhim mafkuraviy qurol - notiqlik mahoratini chuqur egallashimiz kerak. Ushbu jaholatga qarshi ma’rifat yarog‘idan, mafkuraviy mexanizmdan ayniqsa, yoshlar to‘la va to‘g‘ri foydalana olishi kerak. Shuning uchun ham Prezidentimiz nutq madaniyati va notiqlik mahoratini shunchaki muloqot va muomala manbai emas, balki ma’rifat va ma’naviyatning, targ‘ibot va tashviqotning quroli sifatida his etib, bundan foydalana olish milliy g‘oyamiz himoyasiga daxldor ekanini uqtirayotgan bo‘lsalar ajab emas. Chunki g‘oyamiz — himoyamiz, himoyamiz esa g‘oyamizdir. Bu esa mafkuraning mayog‘i, g‘oyamizning bayrog‘i va yarog‘i notiqlik mahoratini egallash bilan amalga oshadi.

Prezident o‘z nutqlarida ma’rifatparvar adib Fitratning «Bu dunyo kurash maydonidir. Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir», — degan so‘zlarini ham bejiz eslatmadi. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlod barkamol bo‘lganidek, xulqiy va nutqiy madaniyatga ega bo‘lgan inson komil inson sanaladi.

Prezident ishonch bildirish asnosida yurtimizda iqtidorga, liderlik salohiyatiga ega yoshlar ko‘pligi uchun ham mamlakatimizda uchinchi renesans davriga zamin borligini ro‘yi rost e’tirof etdi. Erishilayotgan yutuqlarimiz ko‘p, lekin ular hali yetarli emas. Davlat rahbari yoshlar bilan uchrashuvda aytganidek, yoshlarimiz zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallab, o‘z ma’naviyati va tafakkuri bilan barchaga ibrat hamda namuna bo‘lishi kerak. Buning uchun ular vatan ravnaqini o‘z hayotining mazmuni deb bilishlari, yoshlik umrning beg‘ubor, ulkan orzu-umidlar va imkoniyatlar davri ekanini teran his etishlari lozim.

Uchrashuv jarayonida Prezidentning haroratli va mazmundor nutqida yuksak ishonch, hamjihatlikka chorlov, yelkadosh bo‘lib, belni mahkam bog‘lab, qo‘lni qo‘lga, dilni dilga berib ishlash tuyg‘usi ufurib turdi. Bularning barchasi targ‘ibot va tashviqotning ta’sirchan mexanizmi, savodxonlik mezoni og‘zaki va yozma nutq madaniyati, notiqlik mahoratiga borib bog‘lanishini anglamaslik mumkin emas. Vaholanki, til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmidir.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari, filologiya fanlari nomzodi

Manba: xabar.uz