Namanganlik Muhammadyusuf dunyoga kelganiga 8 oy bo‘ldi. U tug‘ilganidan 3 oy o‘tib ilk bor OTM binosiga kelgan, chunki onasi – Namangan davlat universiteti sirtqi ta’lim talabasi. Kun.uz qisqa videolavhada oliygohda o‘qiyotgan talaba-onalar haqida hikoya qiladi.
Kelin qilib olayotgan paytda ota-onasiga qizingizni o‘qitaman deb va’da bergan Gulmira Ahmedova bugun kelini o‘qishdan chiqqunicha nabirasiga enagalik qilyapti. Uning aytishicha, o‘zi, turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li ham o‘qimishli bo‘lgani uchun kelinini ham oliy ma’lumotli qilish harakatida.
Sirtqi ta’limda o‘quvchi ayollarning ko‘pi farzandli. Ular orasida 3 yoshgacha bolasi borlar 15 foizni tashkil qiladi.
O‘qish boshlangan paytda qahramonimiz Muhammadyusuf – onasi va buvisi bilan o‘qishga kelgan ko‘plab bolajonlardan biri. Onasi Gulxumor Obidova bu yil 4-kursni tamomlaydi. Uning aytishicha, oliygoh talabalari 3 oylikdan 2-3 yoshgacha bo‘lgan bolalari bilan o‘qishga keladi. Muhammadyusuf ham birinchi marta kuzgi o‘qish davrida, uch oylik chaqaloq paytida kelgan.
Chaqalog‘i bilan keluvchi talabalar ko‘pligi sababli, sirtqi talim binosida onalar va bolalar xonasi ham tashkil qilingan. U xonada beshik tebratib o‘tirgan buvijonlarni ham uchratishingiz mumkin. Yana ba’zi bolalarga esa xolasi, ammasi yoki opasi qarab turadi.
Gulhumor Obidova u o‘qishga kelgan kunlari farzandi xuddi sayrga chiqqandek yayrab ketishini aytadi. Oilasi va yosh bolalari bilan bo‘lsa ham ko‘p ayollar oliy ma’lumotli bo‘lishga intilayotgani ilmga munosabat yaxshi tarafga o‘zgarayotganidan darak bo‘lsa ajab emas.
Manba: KUN.UZ