Toshkentdagi OTMda xalqaro yozgi maktab o‘z faoliyatini boshladi


Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Germaniyaning Leybnits qishloq xo‘jaligini landshaftlari ilmiy-tadqiqot markazi (ZALF) bilan hamkorlikda Yevropa, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Efiopiya, Hindiston, Kanada, Kolumbiya davlatlarining yosh tadqiqotchilari, doktorantlari va fan doktorlari ishtirokida «Sug‘orma dehqonchilik uchun suv – energiya – oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligini baholash: Markaziy Osiyo bo‘yicha fanlararo yondashuvlar» mavzusidagi Xalqaro yozgi maktab joriy yilning 29-aprelida o‘z faoliyatini boshladi. Xabar.uz shu haqda yozmoqda.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozovning xabar berishicha, ushbu tadbir Germaniyaning Folksvagen fondi (VolswagenStiftung) tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Xalqaro yozgi maktabning maqsadi: suv – energiya – oziq-ovqat xavfsizligining barqarorligini baholash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni doktorantlar, o‘qituvchilar va yosh olimlarga yetkazish va ularning bu boradagi bilimlarini mustahkamlashdan iborat.

Yozgi maktab qatnashchilariga o‘qish davrida:

Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida hosildorlikni oshirish;

Tuproq xususiyati va suv tanqisligi sharoitida qayta tiklanuvchi energiyani ishlab chiqarish;

Bir nechta sektorlar uchun transchegaraviy suv resurslarini boshqarish;

Yer resurslaridan unumli foydalanish hamda iqtisodiy tiklash tizimni yo‘lga qo‘yish;

Cuv – energiya – oziq-ovqatning o‘zaro bog‘liqligi va sinergiyani boshqarish mavzularida qiziqarli ma’ruza va amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Mashg‘ulotlarni Germaniya, O‘rta Osiyo va TIQXMMIning suv va energiya resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligi sohasining yetuk olimlari olib boradilar.

Ta’lim olish mobaynida ishtirokchilarni amaliy va ijodiy mashg‘ulotlar, qizg‘in muhokamalar kutmoqda. Shuningdek, yozgi maktab dasturida irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlarida sayyor mashg‘ulotlar o‘tish, Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar va sport-madaniy tadbirlarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

O‘quv kursi yakunida barcha ishtirokchilar xalqaro malaka oshirish sertifikatiga ega bo‘ladilar. Xalqaro yozgi maktab 5-mayga qadar davom etadi.