Toshkentda Janubiy Koreyaning tibbiyot universiteti filiali ochiladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi «Xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida»gi PQ-3450-son qaroriga muvofiq, «AKFA Medline» ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi vakillari Janubiy Koreyadagi yetakchi oliygohlardan biri hisoblangan Gachon universitetining Gil gospitali rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Loyihaning amaliy ijrosini batafsil muhokama qilish maqsadida mazkur gospital vitse-prezidenti Myung Xi Chung boshchiligidagi delegatsiya 25 may kuni yurtimizga tashrif buyurdi.

26 may kuni Gachon universiteti va «AKFA Medline» tibbiyot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Gachon universitetining yangi o‘quv muassasasini zarur barcha o‘quv darsliklar va dasturlar bilan ta’minlashi, unga tibbiyot yo‘nalishida universitet ochish bo‘yicha Gachon universitetining Gil gospitalidan maslaxatchi yuborishi va professorlarni jalb etishga ko‘maklashishi belgilandi.

«AKFA Medline» Gachon universiteti bilan tibbiyot texnologiyalari, tadqiqot, investitsiya va ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi. Tomonlar o‘rtasida professor, tadqiqotchi, shuningdek, talaba va boshqa xodimlarning almashinuvi orqali ilmiy hamkorlikni rag‘batlantirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, «AKFA Medline» va Gachon universiteti qo‘shma loyihalar ustida ish olib boradi.

Manba: xabar.uz