Toshkentda Hamshiralar akademiyasi tashkil etiladi


U davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. “Oliy hamshiralik ishi" mutaxassisiga magistraturada ta’limini davom ettirish, keyinchalik mustaqil ilmiy izlanuvchi sifatida faoliyat olib borish imkoniyati, ilmiy unvon va lavozimga ega bo‘lish huquqi beriladi. 

Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi negizida tashkil etilayotgan Hamshiralar akademiyasi davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Loyihaga ko‘ra, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab, tibbiyot sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda hamshiralar ta’lim tizimini tubdan transformatsiya qilish maqsadida quyidagilar joriy etiladi:

  • o‘qish muddati ikki yillik birlamchi tibbiyot muassasalari uchun “Umumiy amaliyot hamshira", “Patronaj hamshira", “Tibbiy ijtimoiy ish", “Tibbiy profilaktika ishi" xodimlari o‘qitiladi;
  • o‘qish muddati uch yillik “Ixtisoslashgan hamshira"lar tayyorlanadi. Ixtisosliklari bo‘yicha “Feldsherlik ishi", “Hamshiralik ishi", “Funksional va laborator diagnostika ishi", “Stomatologiya ishi", “Farmatsiya" yo‘nalishlarida o‘qitiladi.
  • o‘qish muddati 4 yillik tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida “Oliy hamshiralik ishi" mutaxassislari tayyorlanadi. Bunda JSST tavsiyalariga ko‘ra, to‘rt yil o‘qigan hamshiralarga “Hamshiralik ishi bakalavri" yoki “Hamshiralik ilmiy bakalavri" unvoni beriladi.
  • “Oliy hamshiralik ishi" mutaxassisiga magistraturada ta’limini davom ettirish, keyinchalik mustaqil ilmiy izlanuvchi sifatida faoliyat olib borish imkoniyati, ilmiy unvon va lavozimga ega bo‘lish huquqi beriladi.