Toshkent va Andijon viloyatlarida OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘lik noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi


DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon tumanida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Andijon shahridagi oliygohlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtda ushlandi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan shaxs firibgarlik yo‘li bilan mahalliy fuqarodan uning tanishini poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga o‘zining tanishi orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ishga aloqador bo‘lgan ushbu oliy ta’lim muassasasi xodimi ham 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, go‘yoki o‘zini Davlat test markazi xodimi deb tanishtirgan, 1997-yilda tug‘ilgan, Toshkent shahridagi universitetlardan birining magistranti fuqarodan uning Tojikiston Respublikasidagi institutlaridan birida ta’lim olayotgan qarindoshining o‘qishini Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga ko‘chirib berish evaziga 3 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bekobod shahar IJQK departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahridagi MCHJlardan birining ish boshqaruvchisi fuqarodan uning Tojikistondagi oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil olayotgan qarindoshini Toshkent shahridagi universitetlardan biriga ko‘chirib berish evaziga 2200 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Xuddi shunday, Bekobod tumanida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan, hozirda Tojikistondagi universitetlardan birining talabasi mazkur oliygohdagi boshqa talabaning o‘qishini O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga ko‘chirib berish evaziga 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.