Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga hujjat topshirish uchun 6-iyul kuni Surxondaryodan kelgan abituriyentlar 12-iyulgacha ham o‘z niyatiga yeta olmadi. Profi Education nodavlat ta’lim markazi rahbari Bektosh Hotamovning “Daryo"ga ma’lum qilishicha, institutga hujjat topshirish jarayoni haddan tashqari murakkablashtirilgan va jarayon juda sekin. “Bundan aynan maqsadli qabul bilan bog‘liq ayrim g‘arazli maqsadlar rejalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi", — deydi Hotamov.
Hujjatlarni topshirish uchun uch kun kerak (kamida)!
Hujjat topshirish uchun borsangiz, sizni institut xodimlari kutib olib, ism-familiyangizni bir jurnalga yozib qo‘yadi-da, “Uch kundan so‘ng falon soatda kelasiz", deb aytadi. Nega uch kundan keyin? Chunki hujjat topshirish uchun kelgan abituriyentlarning uch kunlik navbati hosil bo‘lgan. Ayni vaqtda, qo‘lingizdan hech bir hujjat olinmaydi.
Uch kundan keyin aytilgan vaqtda kelganingizdan so‘ng, hujjatlarni topshirishingiz uchun sizga navbat raqami beriladi. Navbat raqamini olish uchun ham navbatga turiladi. Mabodo, siz aytilgan soatda emas, undan atigi yarim soat kech qolib kelsangiz ham, sizga yana uch kun avvalgi gap aytiladi: “Uch kundan so‘ng falon soatda kelasiz".
Tasavvur qilaylik, siz aytilgan vaqtda keldingiz va navbatda turib, hujjat topshirish uchun navbat raqamini oldingiz. Endi hujjatlaringizni topshirish uchun navbatda turasiz. Lekin bu sizning navbatingiz shu kunning o‘zida keladi, degani emas. Mabodo navbatingiz raqamni olgan kuningizdayoq kelsa, siz haqiqiy omadli inson ekansiz. Lekin bunday omadlilar yo‘q, hisobi — navbatingiz erta yo indinga o‘tib ketishi ehtimoli katta, chunki sizdan avval raqam olgan 100 dan ziyod abituriyentning navbati ham bir kunga kechikib ketgan.
Xullas, qo‘lingizdagi raqam bo‘yicha navbatingiz kelganidan so‘ng (bunga kamida uch-to‘rt soat vaqt kerak bo‘ladi), sizni suratga tushirishadi va barmoq izlaringizdan namuna olishadi (buning uchun butun boshli institutda faqat bitta kompyuter va bitta barmoq izi skaneri ajratilgan). “Aqlli texnologiyalar"ga ma’lumotlaringizni taqdim etib bo‘lganingizdan so‘ng, ariza to‘ldirish uchun o‘tirasiz.
Arizani to‘ldirishda bittagina harfni xato yozsangiz ham, siz — ya’ni kun davomida navbatda turgan, asabiylashgan, charchagan abituriyent uni qaytadan yozishingiz kerak bo‘ladi. Ariza qog‘ozini esa sizdan tashqari 70-80 kishi bo‘lgan xonaga kirib, yana asabiylashib, olib chiqishingiz kerak. Bundan tashqari, oddiygina 086 tibbiy ma’lumotnomasida surat ustidagi muhr ko‘rinmasa ham, viloyatlardan kelgan abituriyentlar o‘z viloyatiga — yangi ma’lumotnoma olib kelishi uchun qaytarib yuborilmoqda.
Bektosh Hotamovning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda aksariyat abituriyentlar, ayniqsa, uzoq viloyatlardan kelgan yigit-qizlar ko‘p jabrlanmoqda. “Yaxshi hamki, men rahbarlik qilayotgan o‘quv markazining yotoqxonasi bor, bolalar ko‘chada qolayotgani yo‘q. Bir kunda hujjat topshirib ketish niyatida viloyatlardan kelgan abituriyentlar o‘z navbatini kutib ko‘chalarda qolib ketmoqda. O‘zingiz o‘ylang, kirish imtihoniga hujjat topshirish uchun to‘rt kun ovora bo‘lish mumkinmi?", — deydi Hotamov.
Nega shunday? Taxminlar
Aytishlaricha, boshqa oliy ta’lim muassasalariga ariza topshirish bunchalik murakkab emas. Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti yoki Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari institutiga bir kunning o‘zida, atigi ikki-uch soat ichida hujjatlarni topshirish mumkin. Chunki, Bektosh Hotamovning ta’kidlashicha, bu oliy ta’lim muassasalarida qabul jarayoni yaxshi tashkil etilgan va, eng asosiysi, hujjatlarni bir kishi emas, bir necha kishi qabul qiladi.
Biroq, Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga, nafaqat unga, balki boshqa oliy tibbiyot ta’lim muassasalariga hujjat topshirish uchun bir necha kun kerak. Vaholanki, tibbiyot ta’lim muassasalari bilan, masalan, Yuridik universitet yoki Irrigatsiya institutining qabul jarayonida deyarli farq yo‘q — har biri bir xil ro‘yxat bo‘yicha hujjatlar qabul qiladi, alohida ijodiy yoki maxsus tekshiruvlar ham yo‘q.
Bektosh Hotamovning so‘zlariga ko‘ra, oliy tibbiy ta’lim muassasalari qabulidagi bu yilgi sargardonliklar, boshqacha qilib aytganda — “o‘qishga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar sonini sun’iy kamaytirishga urinish" 2017-yildan tatbiq etilayotgan maqsadli qabul bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
“Deylik, bir viloyat uchun 50 ta maqsadli o‘rin ajratilgan. Shu viloyatdan kelgan abituriyentlardan arizalar qanchalik kam qabul qilinsa, konkurs shunchalik kamayadi. Konkurs kamayganidan so‘ng, o‘z-o‘zidan kirish ballari pastlaydi. Kirish ballari pastlagach, uyog‘i barchaga ma’lum", — deydi “Daryo" suhbatdoshi.
Qayd etishlaricha, Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga hujjat topshiraman deb bir necha kunlab ovora bo‘lgan abituriyentlarning aksariyati oxir-oqibat boshqa oliy ta’lim muassasasiga tavakkaliga ariza bermoqda. Mazkur holat ham abituriyentlar konkursi kamayishidan manfaatdor g‘arazli mas’ul shaxslarning foydasiga ishlashi turgan gap.
Yechim. Oddiygina yechim
Abituriyentlarning Toshkent pediatriya tibbiyot institutida qabulida uch kunlab ovora bo‘lishi bilan bog‘liq muammoni oddiy hal qilish mumkin: abituriyentlarning navbatlarini ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ajratish, hujjatlarni qabul qiluvchi mas’ul xodimlar sonini oshirish, ma’lumotlarni kompyuterga kiritish va bioskaner qurilmalarini ko‘paytirish. Shuning o‘zi ham qabul jarayonini nisbatan tezlashtirib, abituriyentlar va ularning ota-onalarini tashvishdan birmuncha xoli qilgan bo‘lardi.