Toshkent moliya institutiga hujjat topshirib chet tili sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan boshqa tillarni (turk, arab, fors, koreys, xitoy va boshq.) tanlagan abituriyentlar diqqatiga!


Hurmatli abituriyentlar! 

Siz Toshkent moliya institutiga hujjat topshirib, institutimizda o‘qish istagini bildirganingiz uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Shu bilan birga ayrim tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida quyidagilarga eʼtibor qaratishingizni so‘raymiz.

Maʼlumki, joriy yil qabul jarayonida institumizning barcha bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga qabul 2 ta fandan, yaʼni matematika va chet tili fanlaridan bo‘lib o‘tadi. Hujjatlarini onlayn topshirayotgan ayrim abituriyentlar o‘zlari bilgan yoki bilmagan holda chet tilini tanlashda xatoliklarga yo‘l qo‘ymoqdalar. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, abituriyentlar ayrim hollarda chet tili sifatida turk, arab, fors, koreys, xitoy va boshqa tillarni tanlamoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi “Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida"gi 393-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizom"ning 6-bandida “Umumiy o‘rta taʼlim (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida ispan, turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, italyan, yapon tilini (ingliz, nemis va fransuz tillari o‘qitilmagan holda) chet tili sifatida o‘qigan abituriyentlar mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar, qolgan fanlar bo‘yicha esa test sinovlaridan o‘tadilar" deb ko‘rsatilgan. Yaʼni soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, ingliz, nemis, fransuz tillaridan boshqa tillarda topshirmoqchi bo‘lgan abituriyent maktab, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlarida ushbu tillarni (turk, arab, fors, koreys, xitoy va boshqa tillarni) o‘qigan bo‘lishlari va o‘rta maʼlumot to‘g‘risidagi attestat yoki diplom ilovasida ushbu fanlarni o‘qiganligi va o‘zlashtirganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Aks holda bunday abituriyentlar chet tili sifatida ijodiy imtihon topshiradigan tillardan birini ko‘rsatsada, lekin abituriyent haqiqatda taʼlim muassasasida ushbu tilni o‘qimagan bo‘lsa va o‘rta maʼlumot to‘g‘risidagi hujjatda aks etmagan bo‘lsa, ijodiy imtihonga kiritilmaydi va chet tili bo‘yicha 0 ball qo‘yiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, chet tilini tanlashda xatolikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsangiz 20 iyulga qadar abitur.dtm.uz sayti orqali tanlagan chet tilini amalda o‘qigan va o‘rta maʼlumot to‘g‘risidagi hujjatingizda aks ettirilgan tilga (ingliz, nemis, fransuz tillaridan biriga) o‘zgartirishingizni so‘raymiz.

Toshkent moliya instituti qabul komissiyasi