“Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2022/2023 oʻquv yilidan barcha tibbiyot OTMning “Davolash ishi" va “Pediatriya ishi" taʼlim yoʻnalishlari bitiruvchi kurs talabalari oʻquv yilining 1-semestri (5 oy) davomida doimiy yashash joylaridagi tibbiyot muassasalarida amaliyot oʻtaydi hamda maʼruza va oʻquv mashgʻulotlarining nazariy qismi masofaviy shaklda olib boriladi.
Shuningdek, institut va Klinika tomonidan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish, kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda “Shahrixon tumani tajribasi" joriy qilinadi.
Bundan tashqari, mazkur qarorga koʻra, Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida 2021/2022 oʻquv yilidan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha yuridik shaxs boʻlmagan filiallar tashkil etiladi:
- - akademik V.Vaxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – xirurgiya;
- - Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – kardioxirurgiya;
- -Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – neyroxirurgiya;
- - Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – urologiya;
- - Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining – nefrologiya.
️ Shuningdek, transplantologiya, endoxirurgiya, rentgenendovaskulyar xirurgiya, endourologiya, nevrologiya va tibbiy genetika yangi boʻlimlari hamda immunogenetik laboratoriya tashkil etiladi.