Uch yil ishlab bermagan tibbiyot bitiruvchisi yirik miqdorda jarima to‘laydi


Davlat granti asosida tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasida ta’lim olgan talabalar o‘qishni tugatgach, qishloq vrachlik punkti yoki oilaviy poliklinikalarda uch yil davomida ishlab berish, ya’ni o‘z bildim-tajribalarini oshirish majburiyatini oladilar. Ish taqsimoti talabaning doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyi bo‘yicha amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining 27 sentyabrdagi “Tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida"gi qarorida ish taqsimoti joriy, 2017–2018 o‘quv yili yakunida amalga kiritilishi aytilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida tibbiyot mutaxassislarini joylardan kelib tushgan talab asosida taqsimlash bo‘yicha komissiya tashkil etiladi.

Yangi tartib magistratura va klinik ordinaturani tamomlagan, o‘qish shaklidan qat’i nazar barcha bitiruvchilarga qo‘llaniladi.

Majburiy ishlab berish talabini bajarishdan bosh tortish eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Bitiruvchilar majburiy ishlab berishni o‘taganidan keyingina diplomning asl nusxasini olishlariga ruxsat beriladi. Bunda mehnat faoliyatini olib borgani haqida mehnat daftarchasini ko‘rsatish talab etiladi.


Manba: sof.uz