O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etildi.
Surxondaryo viloyatidagi davolash-profilaktika muassasalarida 2000 nafarga yaqin shifokorga ehtiyoj bor. Ayniqsa, viloyatdagi QVPlar va qishloq oilaviy poliklinikalarini umumiy amaliyot shifokorlari bilan ta’minlash darajasi 50 foizga ham yetmaydi.
Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat qabul komissiyasining 2018-yil 23-yanvardagi 12-sonli bayonnomasi asosida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialiga joriy o‘quv yili uchun 300 nafar surxondaryolik yoshlar tumanlar kesimidagi shifokorlarga bo‘lgan extiyojlarni qoplash maqsadida ajratilgan kvotalar asosida qabul qilindi. Ushbu talabalar bugungi kunda aniq maqsadi va ish joyiga ega. Chunki har bir talaba viloyat xokimligi bilan kelishgan holda qishloq oilaviy poliklinikalari, kishloq vrachlik punktlarida ishlash uchun shartnoma imzolagan.
Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali eng so‘nggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyotga oid barcha asbob-uskunalar — fantom va mulyajlar, laboratoriya anjomlari bilan jihozlangan. Oliy ta’lim dargohida tibbiyotga oid adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlangan axborot resurs markazi, turar joy va yotoqxonalar, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy yopiq sport inshootlari barpo etilgan.
Manba; xabar.uz