Bugungi kunda mamlakatda davlat rahbarining bevosita rahbarligi va tashabbusi asosida barcha sohada uzoqni ko‘zlagan holda islohotlar amalga oshirilmoqda. Maqsad bitta: xalqni rozi qilish, farovonligini ta'minlash, Vatanimizni dunyodagi taraqqiy etgan mamlakatlar qatoriga qo‘shishdir, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov.
«Gap kadrlar to‘g‘risida ketar ekan, bu kadrlarni tayyorlab berayotgan ta'lim tizimida ahvol qanday, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Davlatimiz rahbari ta'lim tizimi nufuzini ko‘tarish uchun barcha ishlarni amalga oshirib, hamma muammoni hal qilib berdi, sohada 30-40 yil davomida yechimini kutib turgan masalalarga yechim topildi.
O‘qituvchilar ta'limga aloqasi yo‘q jamoat ishlardan va majlislardan ozod etilib, ularning faqat o‘z ustida ishlashi uchun barcha sharoit yaratilayotgan bugungi kunda, eng achinarlisi, ayrim ta'lim muassasalarida poraxo‘rlik va korrupsiya holatlari davom etayotgani, ta'lim sifati va mazmuni bilan shug‘ullanish o‘rniga mahalliychilik va jamiyatga qarshi illatlar bilan shug‘ullanayotgani, buni ko‘rib-ko‘rmaslikka, eshitib-eshitmaslikka olayotgan yoki ayrim hollarda o‘zlari ham sherik bo‘layotgan rahbarlarni hech ikkilanmay xiyonatchi desa to‘g‘ri bo‘lardi», - deydi u.
Davlat rahbari joriy yilning 23 avgust kuni ta'lim tizimi taraqqiyoti bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham, oliy ta'lim tizimida bugun davom etayotgan korrupsiya va poraxo‘rlik illatlari haqida gapirib, soha mutasaddilari va oliy o‘quv yurtlari rahbarlaridan jiddiy noroziligini bildirgan edi.
«Bir qator oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetidagi va yana moliya, iqtisodiyot sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan oliy o‘quv yurtlaridagi ayanchli holatni, poraxo‘rlikni keskin tanqid qilgan edi. Yesemurat Kanyazov misolida rektorlar Ulug‘bek Azizov va Bahodir Xodiyev o‘zlari uchun tegishli xulosa chiqarmasdan, hech qanday amaliy choralar ko‘rmasdan kelmoqda. Ular qayerga qarayapti, nimaga korrupsiya ildizini olib tashlashga harakat qilmayapti?
Oradan ancha vaqt o‘tdi, vazirlik va oliy ta'lim muassasalari bundan o‘zlari uchun qanday xulosa chiqardi, degan haqli savol tug‘iladi. Javob esa yo‘q.
Xo‘sh, boshqa oliy o‘quv yurtlaridagi ahvol qanday?
Agar insof bilan aytganda, shunchalik sharoit yaratib berilgan, sohani korrupsiyasiz tizimga aylantirishdek xayrli maqsad sari katta sa'y-harakatlar ketayotgan bir davrda, bunday ishlarga yo‘l qo‘yib berayotgan yoki uning oldini ololmayotgan rahbar davlatga va mamlakat Prezidentiga xiyonat qilyapti desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, ta'lim tizimida bunday illatning bo‘lishi millionlab yoshlarimizni jamiyatga, mamlakat kelajagiga ishonchini yo‘qotadi, savodsiz kadrlar ko‘payib ketishiga yo‘l ochadi.
Bu illatlarga barchamiz jiddiy qarshi kurashmog‘imiz lozimdir. Poraxo‘rlikka, adolatsizlikka qarshi kurasha olmagan ta'lim muassasasi rahbarlaridan voz kechish kerak, boshqa yo‘l yo‘q», - deydi deputat.
Manba: kun.uz