Vazirlar Mahkamasining "Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
2023-2024 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarini yotoqxonaga joylashtirish onlayn shaklda amalga oshiriladi.
Talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanadi va 2023–2024 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladi.
Bunda:
- Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar uchun Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga hujjat topshirish jarayonida talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojini belgilash imkoniyati yaratiladi;
- 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab talabalar yotoqxonaga joylashish uchun faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali murojaat qiladilar;
- Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali elektron ariza berish va to‘lovlarni amalga oshirishda davlat xizmatini ko‘rsatish komissiya mablag‘lari undirilmaydi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni ta’minlaydi:
- joriy yilning 1 avgustiga qadar vazirlik huzuridagi Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi tomonidan Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashtirish imkoniyatini beruvchi axborot tizimi ishlab chiqish;
- Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Elektron hukumat" idoralararo integratsiyalashgan platformasi orqali joriy yilning 10 avgustiga qadar Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin qizlar qo‘mitasi bilan kelishgan holda tegishli elektron ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish;
- oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi internet ijtimoiy tarmoqlarida tegishli kanallarni ochish va unga shartnoma asosida ijaraga qo‘yuvchi xonadon sohiblarining e’lonlarini joylashtirib borish ishlarini takomillashtirish;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda:
- oliy ta’lim muassasalari hamda davlat xizmatlari ko‘rsatishda ishtirok etuvchi boshqa tuzilmalarning YaIDXPga ulanishini ta’minlaydi;
- YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi.