Hukumat qarori (605-son, 24.09.2021-y.) bilan Davlat oliy ta’lim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to‘lovi bir qismini qoplab berish davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyi doirasida (tuman, shahar miqyosida) ariza beruvchilarga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish amalga oshirilmaydi.
Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart.
Mazkur tartib davlat OTMning faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qib, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Bunda ariza beruvchi tegishli ma’lumot yoki hujjatlarni o‘zi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘limi dekan o‘rinbosari yoki OTMning talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga topshiradi.
Mas’ullar 1 hafta davomida ariza beruvchi ma’lumotlarining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini o‘rganadi.
So‘ng ma’lumotlarni umumlashtirib, ko‘rib chiqish va xulosa berish uchun navbatdagi haftaning birinchi kunida talabgorlarni tanlab olish komissiyasiga taqdim etadi.
Komissiya bir ish kunida talabgorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, qaror qabul qiladi.
Shunga ko‘ra, davlat OTM rektori (filial direktori)ning buyrug‘i rasmiylashtirilib, arizalari qanoatlantirilgan talabgorlar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar va ularning ro‘yxati to‘lovlarni amalga oshirish uchun buxgalteriyaga taqdim etiladi.
Arizasi ijobiy hal etilgan talabalar uchun ijara to‘lovining bir qismi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ular ariza bergan sanadan boshlab qoplab beriladi.
Ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish:
- o‘quv yili davomida (har yili 1-sentyabrdan 1-iyulgacha) yoki o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘quv yilining davomiyligiga qarab belgilanadi;
- ariza beruvchi tomonidan har oyning 7-sanasigacha arizalar mas’ullarga taqdim etilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Ushbu muddatlar tugagandan keyin berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – BHMning 1 baravari, qolgan hududlarda – BHMning 0,5 baravaridan oshmasligi lozim.