Talabalar uchun 300 o‘rinli yotoqxona quriladi


Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan oliy taʼlim muassasalarida olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Nukus filialida bo‘ldi.

Dastlab, yangidan qurilayotgan 300 o‘rinli yotoqxonaning qurilish ishlari va loyihalari bilan tanishildi.


2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga muvofiq 2021-2022 yillarda mazkur taʼlim muassasasi uchun 300 o‘rinli yotoqxonani yangidan qurish va o‘quv binosini kapital taʼmirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda «TREST 4» MCHJ tomonidan qurilish ishlari bajarilmoqda.



Vazir o‘rinbosari filialda tashkil etilgan «Chevar qo‘llar» va Axborot-resurs markazlarida bo‘lib, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ularga sifatli bilim berishda badiiy, mutaxassislik va qoraqalpoq tilidagi o‘quv adabiyotlarni ko‘paytirish va ularning elektron bazasini shakllantirish kerakligi taʼkidlandi.