Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook’dagi sahifasida ota-onalarga murojaat bilan chiqdi. “Prezident maktablarida qabul va ta’lim jarayoni Buyuk Britaniyaning Kembridj universiteti bilan hamkorlikda olib borilishini inobatga olib ingliz tili o‘rganishning muhimligi haqida eslatib o‘tmoqchiman", deb boshlaydi vazir murojaatini.
Albatta, hali imtihonlarning qanday o‘tishi haqida ma’lumotlar mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgandan keyin batafsil e’lon qilinadi. Ingliz tilini o‘rganishni esa hozirdan boshlash kerak. Maktabda asosiy fanlar xorijiy pedagoglar tomonidan ingliz tilida olib borilgani uchun ham o‘qish jarayonida ingliz tilini bilish juda zarur.
Prezident maktablariga o‘quvchilar birinchi yilda 5-10-sinflarga qabul qilinishini inobatga olib, aynan shu o‘quv yilida ushbu maktablarga kirishga imkoniyat ko‘proq bo‘ladi. Keyingi yillardan esa qabul faqat 5-sinfdan.
Eng asosiysi, Prezidentimiz ushbu maktablarga qabul imtihonlari adolatli o‘tishini ta’minlash vazifasini belgilab berganlar. Shu sababli ham ushbu maktablarga qabul imtihonlari shaffof va adolatli o‘tishini bu sohada dunyodagi eng nufuzli tashkilotlardan biri Cambridge Assessment tomonidan ta’minlanishi kelishildi.
"Bu maktablar qobiliyatli farzandlarimiz uchun o‘ziga xos ijtimoiy lift vazifasini o‘taydi, chunki bu kabi sharoitda o‘qigan oddiy oilaning farzandiga kelajakda katta imkoniyat eshiklari ochiladi. Shuningdek, bu maktablarga kira olmagan taqdirda ham farzandingizning ingliz tilini bilishi uning kelajakda muvaffaqiyatga erishishiga jiddiy turtki bo‘ladi", deb indalloni aytadi vazir.
Vazir o‘z murojaatida ingliz tilini o‘rganish uchun qator bepul resurslarni tavsiya qilgan. Havola orqali o‘tib, vazirning tavsiyalari bilan tanishing. Biz ham tavsiya qilamiz.