Seuldagi markazning prototipi Toshkentda quriladi


2019-yilning 27-noyabr – 5-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Koreya Xalqaro Hamkorlik agentligi (KOICA) vakillari o‘rtasida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar maktabgacha ta’lim xodimlarining malakasini oshirish markazi va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini barpo etish to‘g‘risida kelishib oldilar, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin va KOICA ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori janob Sung Il Son bilan yirik qo‘shma loyihani amalga oshirish, maktabgacha ta’lim markazi va 20 o‘rinli davlat MTT qurilishini amalga oshirish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Markaz maktabgacha ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va metodistlari bilan ishlaydi. Koreys dasturi nafaqat bolalar bilan mashg‘ulotlarni, balki ota-onalar bilan o‘zaro munosabatlarni ham ta’minlaydi. Treninglar va kurslarni o‘tkazish bilan bir qatorda, malaka oshirish va ta’lim markazi metodik qo‘llanmalar va o‘quv materiallarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimida qariyb 90 ming tarbiyachi ishlaydi.

Shuningdek, loyiha doirasida test va tadqiqot markazi tashkil etilib, u yerda bolalar va ota-onalar kerakli bilim va ko‘nikmalarni olishlari mumkin bo‘ladi. Seul shahridagi bolalarni erta rivojlantirish markazi mazkur loyihaning prototipi etib olindi. Bino 5 ta rivojlantirish hududlarga bo‘lingan:

  • sog‘liqni saqlash va Jismoniy tarbiya mashqlari uchun maydonchalar;
  • bolalarning aqliy salohiyatini rivojlantirish uchun turli xil zamonaviy jihozlarga ega hudud;
  • interfaol o‘yinlar va kommunikatsiya uchun qulay hudud;
  • matematik va mantiqiy yondashuvli o‘yinlar uchun attraksion maskani;
  • bolalarning motorik qobiliyatlari va ijodiy fikrlashini rivojlantirish uchun mashg‘ulotlar maydonchasi;

Qo‘shma loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (2021-2026). Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ta’lim va tadqiqotlar markazi va yangi MTT qurish qiymati 11 mln. dollarni tashkil etadi. Moliyalashtirish Koreya Respublikasi tomonidan ta’minlanadi. Loyiha KOICAning Koreya Respublikasidagi bosh qarorgohi tomonidan ma’qullanganidan so‘ng amalga oshiriladi, shuningdek, O‘zbekistonga Tashkilotning qo‘shimcha missiyasi ham tashrif buyuradi.

Manba: xabar.uz