Saviyasi past g’oyalar ko’proq daromad keltiradi


Tijoratingizdan maqsad ko’proq daromad olish bo’lsa, har doim imkon qadar saviyasizroq, kam aql talab qiladigan g’oyalarga e’tibor qarating. Past saviyadagi, bachkana g’oyalar juda tez ommalashadi va yaxshigina daromad keltiradi. Atrofingizga e’tibor bering: televideniyada – bachkanalik, reklamalarda – saviyasi past g’oyalar, eng ko’p sotilayotgan g’oyalar esa ba’zan umuman aql talab qilmaydi.

Nega ko’proq daromad aynan saviyasizlikda?

Insoniyat taraqqiyoti texnologiya bilan ajralmas tarzda bog’lanib bo’ldi. Endi xohlasak ham, xohlamasak ham texnologiyalarni hayotimizdan chiqarib tashlay olmaymiz. Foydali jihatlari bilan birgalikda texnologiyalar hayotimizga salbiy tomonlarini ham singdirdi. Odamlar erinchoq bo’lib qoldi. Hatto erinchoqligimiz aqlni ishlatish degan asosiy xususiyatimizga ham ta’sirini ko’rsatdi. Hozirda ko’pchiligimiz uchun aql ishlatadigan, aqliy menhnat talab qiladigan 3 daqiqali mashg’ulotga nisbatan saviyasiz va bachkanalik bilan bajariladigan 3 soatlik ish osonroq ko’rinadi.

Endi o’ylab ko’ring, aql talab qiladigan, kishini o’ylashga majbur qiladigan mahsulot yoki xizmatlar ko’proq sotiladimi, yoki miyani umuman ishlatmasdan, eng quyi saviya bilan ham zavqlanish mumkin bo’lgan mahsulotlar haridorgirroq bo’ladimi?

Qanday xulosa chiqarish mumkin?

Saviya qanchalik quyiga ildamlasa, jamiyat uchun shuncha ko’p zarar bo’ladi. Albatta, ma’naviy-ma’rifiy nuqtai nazardan biz bunga qarshimiz. Ammo butun dunyoda tijorat saviyasizlikka shu qadar urg’u berganki, kapitalizmning bundan keyingi hukmronligida hech qachon vaziyat avvalgidek ma’naviyatga e’tibor qaratish darajasiga qaytmaydi, deyish mumkin. Har qanday tijorat hozirgi sharoitda muvaffaqiyatga erishishi uchun bu yozilmagan qoidaga amal qilishga majbur.

Biz bu holatdan tijoratimizning kelajakdagi yo’nalishini tanlashda xulosa chiqarishimiz kerak. Agar tijoratdan maqsad jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy holatini yaxshilash bo’lsa, hech ikkilanmay yuqorida aytilgan holatni chetga surib qo’yishingiz mumkin. Ammo boshlayotgan tijoratingizdan maqsad daromad olish bo’lsa bozorning zamonaviy trendlarini tahlil qilishingiz tavsiya etiladi.

Sinovdan o’tgan tajriba

Bir necha yil ilgari menda elektron kitoblarni sotish tizimini yo’lga qo’yish g’oyasi paydo bo’lgan edi. Asosiy maqsad daromad olish bo’lgan. Bu g’oyam haqida alohida yozganman. Hozir o’ylab qarasam baribir o’qituvchiligimga borib daromad olish uchun kitob savdosi tijoratini xato tanlagan ekanman. Oxir oqibatda bu tijoratni boshlay olmadim, g’oya yozilgan joyida qolib ketdi. Lekin  bu g’oyaning amalga oshirilganda ham ish bermasligi tahmini hozirgi maqolaning mazmuniga to’g’ridan-to’g’ri bog’liq.

Jamiyatimiz elektron kitob sotib daromad olish darajasiga hozircha yetgani yo’q. Xalqqa ziyo ulashaman, odamlar kitob o’qib ilmini oshirsin, degan maqsadda bu ishni qilsa bo’ladi. Ko’p kitob sotib katta daromad olaman, pulim ko’p bo’ladi, degan maqsad bo’lsa boshqa ish bilan shug’ullangan ma’qulroq.

Shundan kelib chiqib internetda, elektron ko’rinishda daromad olishni istagan kishi kitob sotib daromad ololmasligi mumkin. Bachkana bo’lsa ham bema’ni bir o’yinni o’ylab topib juda katta daromadga ega bo’lishi esa haqiqatga yaqinroq.

Xulosa o’rnida nima deyish mumkin? Hech qanday xulosa yozmayman. Chunki, shaxsan menga, tijoratning bu yo’nalishda rivojlanib, saviyasizlik kamayadigan yo’nalishlarda to’xtab qolishi yoqmaydi. Men olimlar, kashfiyotchilar, ilm-fan kishilari tez va oson bo’y bo’lib, saviyasiz va bachkana ishlar bilan shug’ullanuvchilar ularga havas qilishlarini xohlayman.

Manba: azamat.uz