Rossiya Federatsiyasining Sharqiy Yevropa nodavlat institutida masofaviy ta’lim berilishi bo‘yicha olib borilgan targ‘ibot O‘zbekiston qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati Xabar.uz’ga ma’lum qildi.
Keyingi vaqtlarda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar yurtimizda hozirgi kunda diplomi tan olinmaydigan oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish uchun xujjatlarni topshirish bo‘yicha yoshlarimiz orasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirayotganlari yuzasidan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga murojaatlar kelib tushmoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 22-sonli musiqa, san’at va baxshichilik maktabi binosida Rossiya Federatsiyasining Sharqiy Yevropa nodavlat instituti (Vostochno-yevropeyskiy institut) masofaviy oliy ta’lim xizmatlarini O‘zbekiston Respublikasida belgilangan tartibda nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziya olmasdan, noqonuniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.
Shuningdek, karantin sababli yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilgani niqobi ostida ko‘plab konsalting tashkilotlari o‘z reklamalarida «diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi» kabi asoslanmagan ma’lumotlar bilan masofadan ta’lim beradigan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini targ‘ibot qilishmoqda.
Ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunida ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda (kunduzgi, sirtqi hamda kechki ta’lim shakllari ko‘zda tutilgan) ta’lim olish belgilangan, lekin masofaviy ta’lim shakli ushbu qonun hujjatlarida ko‘zda tutilmagan.
Bu esa respublikamiz fuqarolariga noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilishiga va mazkur tarzda o‘qib olingan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda amaldagi qonunchilikka muvofiq tan olinmasligiga olib keladi hamda fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘ladi.
Hurmatli fuqarolar, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ogohlantiradi!
Turli tashkilotlar yoki fuqarolar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlatlarda masofaviy ta’lim olish bo‘yicha keng jamoatchilikka berilayotgan reklamalariga ishonmang va bunday hiyla-nayranglarga tushib qolmang.
O‘zingiz va farzandlaringiz umrini va mablag‘laringizni besamar sarflamang.
Manba: xabar.uz