Amerika kiyim-kechak fabrikasining “ota"si, dizayner va biznesmen, filantrop Ralf Lauren 1939 yilda Nyu-Yorkda tavallud topgan. Xayr-saxovat loyihalari bilan nom qozongan milliarder "zamonaviy uslub"ning asoschilaridan biridir.
"Odamlar qashshoq oiladan qanday qilib shu qadar mohir dizayner chiqqaniga hayrat bilan qarashlari tabiiy. Ammo boy bo‘lish yoki shuhrat qozonish o‘tmishga emas, orzularga daxldor", degan edi janob Lauren.
O‘rta maktabda ta’lim olgan kezlari Ralf Lauren sinfdoshlariga galstuklarni pullab, muhojir va kambag‘al ota-onasiga ko‘maklashgan.
1957 yil. DeVitt Klinton o‘rta maktabini tamomlayotgan Ralf Lauren maktab bitiruvchilari kitobiga hayotidagi maqsadlari qatorida "millionerlik"ni ham yozib qo‘ydi. Oradan yillar o‘tdi. Forbes'ning 2015 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra u 8 milliard AQSh dollari sohibi.
"Ba’zida hech narsadan ham nimadir yaratishga to‘g‘ri keladi", deydi milliarder. Tobora ulg‘ayib borayotgan Ralfning yagona orzusi oilani qashshoqlik botqog‘idan olib chiqish edi. Ushu maqsadda bir qancha filmlarda epizodlarda ham o‘ynay boshlaydi.
Yaxshi hayotga havas qilish kerak. Bir kuni do‘sti bilan yuqori tabaqadagi amaldorlar tashkil etgan chavgon o‘yini klubiga borgan Ralf badavlat insonlar orasida ilk marotaba o‘zida serhashamlilik kayfiyatini his qiladi. O‘sha kundan boshlab bo‘lajak milliarder orzularini uyg‘ota boshlaydi. U hech qachon moda yoki dizayn maktabida o‘qimagan. Undagi yagona bilim – tasavvuri 26 yoshida uni moda olamiga olib kiradi.
Biznes – sizni boy qiladiganlarning xizmatkoriga aylanish demakdir. Qo‘lida yuqori maktab diplomi va bir necha biznes kurslarining sertifikati bo‘lgan yigitcha shaxsiy kompaniyasini tashkil etishga kirishadi.
Ralf odamlarni tinglar, ularni o‘rganar, ularni orzularini hurmat qilar edi. "Men aslida kiyimlarga emas, orzularga ko‘rinish tuhfa etaman", degan edi u.
Milliarder boy bo‘lishda ijobiylik, har narsaning yaxshi jihatini hisobga olish muhim ekanini aytadi. "Bir kuni boshliqning oldiga kirdim va unga o‘zim bichgan yangicha ko‘rinishdagi bo‘yinbog‘ni ko‘rsatib, unga bu yangi bichim odamlarga yoqishi mumkinligini aytdim. U esa dunyo hali Ralf Laurenga tayyor emasligini aytdi. Bu so‘zlar bir daqiqaga bo‘lsa ham yodimdan ko‘tarilmagan. Sababi, buni o‘zim uchun yuksak maqtov deb o‘ylagan ekanman".
Ammo buning uchun ko‘p kutish kerak bo‘lmadi. O‘sha vaqtlarda urf bo‘lgan ingichka va bir rangli bo‘yinbog‘lardan farqli o‘laroq, 1967 Lauren brendi taqdim etgan keng va rangdor "Polo" galstuklari tez orada ommalashib, dizayner nomini mashhurlikka olib chiqadi.
Kun keladi va sen hayotdan zerika boshlaysan. Demak, tasavvur va orzular chegarasini kesib o‘tishga fursat yetibdi. Lauren brendi endi yulduzlar uchun maxsus kiyimlarni taklif eta boshlaydi. U bir vaqtlar orqa sahnalarda rol o‘ynab yurgan kezlari yuragida alanga olgan orzulardan bejirim kiyimlar bicha boshlaydi.
Dizayn olamida uning mashhurligining yana bir siri shundaki, janob Lauren hech qachon yengil-yelpi, bir marta yoki mavsumlik kiyim-kechaklar yaratishga harakat qilmadi. Uning barcha izlanishlari uslub doirasida bo‘ldi. "Uslub o‘ta shaxsiy masala. Modaning umri qisqa, uslub esa barhayot yashaydi".
"Qanday bo‘lsangiz – siz shunday yashashga mahkumsiz. Faqat qattiq mehnatgina sizga bu yerda nimanidir uddalashingizga yordam beradi. Men buning tirik misoliman. Bizga berilgan har kun – o‘z-o‘zimizni qayta kashf qilishimiz uchun tuhfa qilingan imkondir", deydi Ral Lauren.
Ralf Lauren faqatgina ish bilan kifoyalanib qolmadi. Uning nazdida biznesdagi omadi shaxsiy hayoti bilan chambarchas bog‘liq. "Mening shaxsiy kameralarim bo‘lgan ko‘zlarimni bir zum bo‘lsa ham, oilamdan uzmadim. Men tajriba va xulosalarni hayotdan oldim. Shu tufayli ham hayotim mening uchun haqiqatga to‘la eng qadrli kutubxonadir".
Bir vaqtlar maktab kitobiga orzulari qatoriga millionerlikni ham yozib qo‘ygan bolakay ayni paytda – 77 yoshida shuncha yillik mehnati samarasini rohat-farog‘atda nishonlab yashamoqda.
Manba: erkak.uz