Mansabning yumshoq kursisiga o‘tirayotgan inson xayolidan o‘tadigan ilk xayol – uning qachongacha bu yerda qolishi. Bu esa uning yetakchilik qobiliyati, mehnati, iqtidori, fe’li va jamoasiga daxldor.
"Rahbar" va "lider" ma’nodosh tuyilsa ham, bir-biridan tubdan farq qiladi. Rahbar boshqarsa, yetakchi yo‘l boshlaydi. Rahbar nazorat qilsa, lider namuna bo‘ladi. Rahbar tanbeh bersa, yo‘lboshchi muhokama qiladi. Yo‘lboshchilik -- munosib namuna bo‘lishdir.
Liderlik o‘qitilmaydi, uzoq yillar davomida o‘rganiladi. Yaxshi xodim bo‘lmagan insondan yaxshi rahbar ham chiqmaydi. Quyida rahbarni liderdan farqlovchi 7 jihat xususida to‘xtalamiz.
Xodimlarni yaxshi ko‘ring va hurmat qiling.
Siz o‘zingiz hurmat qilmagan insonning hurmatini qozona olmaysiz. Hurmat qilish va ularni yaxshi ko‘rish esa ahil-inoq bo‘lib ishlashning garovidir.
Xodimlar – ongsiz-hissiz robotlar emas: ular ham o‘z dunyo va muammolariga ega, shaxsiyat va qandaydir iqtidorga ega odamlar. Yetakchi sifatida ularga o‘zlarini namoyon etishlariga yordam berish uchun, avvalo ularni yaxshi ko‘rish kerak, hurmat qilish kerak.
Yo‘l boshlang, nazorat qilmang.
Lider va xodimni ajratib turadigan muhim omil, bu – ilg‘or fikr. Yo‘lboshchi umid chirog‘iga aylansagina, jamoa u tomonga intiladi.
Rahbarlarning ko‘pida nazorat qilishga moyillik bo‘ladi. Ammo, yo‘lboshchi o‘z nomi bilan jamoani yangi chaqiriqlar, muhim loyihalar, xodimlarini qo‘llab-quvvatlash orqali muvaffaqiyat sari boshlashi kerak.
Yo‘lboshchi -- muvaffaqiyat yo‘lini biladigan, shu yo‘ldan yuradigan va boshqalarni ham chorlaydigan inson. Sizning muomalangiz, munosabat va hurmatingiz, bilim va tajriba odamlarni sizga ergashishlarini ta’minlaydi.
Moslashuvchan bo‘ling.
Yo‘lboshchilik – doim ham aqlli ish qilish degani emas. Qarshingizda turgan jamoani o‘zingizni shaxsiy fe’l-atvoringizga moslashtirish o‘rniga, siz ularni o‘rganing. Har bir inson – o‘zicha bir olam. Har kimdagi iste’dodni kashf qilishning alohida shartlari, talablari bor.
Lider sifatida kimnidir ilhomlantirish uchun uning kuchli jihatlarini maqtash kerak bo‘lsa, yosh, shu bilan birga iqtidorli mutaxassisga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, uning ulkan ishlaridan umidvor ekaningizni aytishingiz kerak bo‘ladi.
Ishonch bildiring.
Ishonch – har narsaning kaliti. Modomiki, jamoa kelajak yorug‘ligini ko‘ra olmayotgan ekan, hech bo‘lmasa ularga ishonch taftini his qilishlariga imkon bering.
Xodimning bor mahoratini kashf qilish uchun unga ishonch bildirish kerak. Aks holda, atrofingizda kimlar borligini bila olmaysiz.
Imkon bering, kechirimni qabul qiling.
Xato emas, davo topishga intiling. Qo‘lida katta kaltak, ammo tilidan asal tomadigan yo‘lboshchi uzoqqa boradi.
Rahbarlar jamoa muvaffaqiyat qozonganda ularni ko‘klarga ko‘tarib maqtasa, yomon natijaga erishilganida hammaning boshiga urishni yaxshi ko‘rishadi.
Yetakchi muvaffaqiyat jamoaning mehnati ekanini anglaydi, qiyin paytlarda kamchiliklarni bartaraf qilishni o‘zidan boshlaydi.
Tavakkal qilishni ham unutmang.
Rahbar uchun tinchlik kerak: ortiqcha xarajat talab qiladigan ishga tavakkal qilib, pand yeyish mumkin. Yo‘lboshchi esa ba’zida oqilona qilingan tavakkalchilik yuksak muvaffaqiyatni boshlab kelishini biladi.
Yo‘lboshchi xodimlarini yangilikka bo‘lgan ishtiyoqini qo‘llab-quvvatlaydi. Yo‘lboshchilar muvaffaqiyatsizlik sabog‘iga ham yuksalish uchun imkon deb qaraydilar.
Majbur qilmang, ilhomlantiring.
Rahbar qo‘rquv orqali ishlashga majbur qilsa, lider ruhlantiradi, ilhomlantiradi. Yo‘lboshchi o‘zini past darajadagi mutaxassis bilgan xodimga yuksak baho berib, undagi qobiliyatni kashf qiladi.
Lider – misoli orzu va tasavvur, yorqin kelajak akslanib turgan ko‘zgu: xodimlarni o‘sha yoqqa boshlaydi.
Muvaffaqiyat katta yoki kichkina bo‘ladimi, yo‘lboshchi uchun bu muhim va buni e’tirof etishni ma’qul ko‘radi. Boisi, yetakchi – o‘z jamoasining eng sodiq muxlisi.
Xulosa
Bugungi fidoyi va halol ishchi – ertangi yo‘lboshchi. Millionlab insonlarning boshiga olma tushgan bo‘lsa ham, buning sababi faqat Nyutonni qiziqtirgan: o‘qish-o‘rganishdan to‘xtamang. Qanchalik ko‘p o‘rgansangiz, yuksaklikka ko‘tarilsangiz, shu qadar muloyim, xokisor bo‘ling. Aks holda, qulashning azobi ham yuksaklik shukuhidan kam bo‘lmaydi.
Manba: erkak.uz