Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi


Prezidentning 22.10.2020 yildagi “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" PQ-4870-son qarori qabul qilindi. 

Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti negizida Mudofaa vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi (keyingi o‘rinlarda - Akademiya) tashkil etildi. Akademiya davlat oliy harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Akademiya tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Harbiy tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etiladi.

Akademiyaning asosiy vazifalari:

  • respublika Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar uchun harbiy tibbiyot sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • tibbiyot sohasida tor mutaxassislarni, ilmiy-pedagogik kadrlarni hamda zaxira va rezervdagi tibbiyot xizmati ofitserlarini tayyorlash;
  • taʼlim jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik va innovatsion tibbiyot texnologiyalari, zamonaviy o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy yondashuvlarni keng joriy etish;
  • harbiy tibbiyot amaliyotida mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
  • milliy va xorijiy yetakchi oliy, oliy harbiy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikda taʼlim jarayonini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish;
  • taʼlim oluvchilarni insonparvarlik va yuksak maʼnaviy g‘oyalar asosida, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab nomzodlar oliy tibbiy taʼlim muassasalari “davolash" fakultetlarining V bosqichini va “tibbiy-profilaktika" fakultetlarining IV bosqichini tamomlagan, o‘qish yakunlari bo‘yicha eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan talabalar orasidan Mudofaa vazirligi tomonidan tanlab olinadi.

Akademiyada kursantlarning majburiy 2 yillik o‘qishi 2 bosqichli harbiy tibbiyot o‘quv dasturi asosida amalga oshiriladi:

  • birinchi yil - bakalavriatda, uni tamomlagach dastlabki "tibbiy xizmat leytenanti" harbiy unvoni va "harbiy vrach" mutaxassisligini beradigan davlat namunasidagi diplom beriladi;
  • ikkinchi yil - Qurolli Kuchlar uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha harbiy internaturada. Uni tamomlagach navbatdagi "tibbiy xizmat katta leytenanti" harbiy unvoni va tegishli mutaxassislik berilganligi to‘g‘risida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.

Akademiyada harbiy tibbiyot o‘quv dasturi asosida mamlakatimiz oliy tibbiy taʼlim muassasalari “davolash" va “tibbiy-profilaktika" fakultetlaridagi o‘qish Akademiyadagi o‘qishga tenglashtiriladi. Akademiyaning klinik ordinatura va magistraturasida tibbiyot sohasidagi tor mutaxassisliklar, uning doktoranturasida ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Akademiya 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

  • respublikaning boshqa tibbiy taʼlim muassasalarini bitirgan tibbiyot xodimlarini to‘lov-kontrakt asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • hukumatlararo bitim va shartnomalar asosida xorijiy davlatlar uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi.
Akademiyaning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi rahbari, rahbar o‘rinbosarlari va professor-o‘qituvchilar tarkibiga hamda Institutning rahbari va ilmiy xodimlariga quyidagi miqdorda oylik ustama to‘lanadi:
  • bazaviy lavozim maoshining 50%i miqdorida - fuqaro tarkibidagi ishchilarga;
  • asosiy lavozim maoshining 100%i miqdorida - kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga.

Akademiya hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining bosh, yetakchi, katta va kichik ilmiy xodimlari lavozimlaridagi fuqaro xodimlari bazaviy lavozim maoshlari – bu yerda. Akademiyada o‘quv va o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishga bevosita jalb qilinadigan boshqa tibbiyot muassasalari mutaxassislariga pedagogik faoliyatning har bir akademik soati uchun BHMning 10%i miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Shuningdek, hujjat bilan:

  • Akademiyaning tashkiliy-shtat tuzilmasi;
  • Akademiyada o‘qitiladigan mutaxassisliklar (yo‘nalishlar) ro‘yxati;
  • tibbiyot sohasida harbiy kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish bo‘yicha "yo‘l xaritasi";
  • Akademiya kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarining egallab turgan lavozimlari bo‘yicha asosiy harbiy unvonlari va tarif razryadlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Mudofaa vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligiga:

  • TTA huzuridagi Harbiy tibbiyot fakultetiga 2019 yilda o‘qishga kirgan kursantlarning tahsil olishini 2020/2021 o‘quv yilida amaldagi taʼlim dasturlari bo‘yicha TTA va Akademiyaning bazalarida yakunlash choralarini ko‘rish;
  • Akademiyaning 2021 yil bitiruvchilari orasidan o‘qish yakuni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganlarga harbiy internaturada o‘qishni davom ettirishga ruxsat berish topshirildi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 23.10.2020 yildan kuchga kirdi.