Qirqqa yaqin talaba Krasnodardan Farg‘onaga qaytmoqda. O‘zi nima bo‘lgandi?


Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori Krasnodarga borib, “3+2" hamda “3+3" dasturlari asosida Rossiyaga o‘qishga yuborilgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashgan. Biroq rektor talabalarning ota-onalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bergan va’dasini bajara olmagani aytilmoqda. Talabalarning bir qismi Farg‘onaga qaytayotgani ma’lum qilindi.


Talabalar rektorning va’dalariga ishonib, Rossiyaga yo‘l olishgani, u yerga borgach esa Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va Kuban davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor bo‘lganidan xabar topishganini aytishmoqda.

Rossiyaning Kuban davlat tibbiyot universiteti hamda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, «Davolash ishi» fakulteti talabalari O‘zbekistonda va Rossiyada 3 yildan jami 6 yil, «Stomatologiya» fakulteti talabalari esa 3 yil O‘zbekistonda, 2 yil esa Rossiyada tahsil olishlari kerak bo‘lgan.

Talabalarga Rossiyaga borgach, imtihon olinishi, undan o‘tganlargina o‘qishni davom ettirishi haqida oldindan hech qanday ma’lumot berilmagan. Imtihonlar boshlangach, bundan ajablangan talabalarning savollariga javoban mas’ullar bu shunchaki bilim darajasini tekshirib ko‘rish uchun qilinayotgani, uning natijasi hech narsani hal qilmasligini aytishgan. Biroq ikki bosqichli og‘zaki imtihondan so‘ng talabalarning bir qismi o‘qishda olib qolinib, qolganlarga javob berilishi ma’lum bo‘ladi.

Kuban davlat tibbiyot universiteti mas’ullari o‘zbekistonlik yigit-qizlarni 1 sentabrgacha universitet yotoqxonasini tark etishlari kerakligi haqida ogohlantirgan. Shundan so‘ng ular prezident nomiga videomurojaat yo‘llashga majbur bo‘lishadi.

Videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti ma’muriyati bergan xabarga tayanib, stomatologiya yo‘nalishi 3-bosqichni bitirgan talabalardan Kuban davlat tibbiyot universitetida olingan imtihon natijalariga ko‘ra 25 nafari belgilangan ballni olib, o‘qishni davom ettirishga tavsiya etilgani, qolgan 21 nafar talaba imtihondan o‘ta olmaganini ma’lum qildi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan ma’lumotda institut imtihondan o‘tolmagan talabalarning Kursk davlat tibbiyot universitetida o‘qishini davom ettirishi, bunda kontrakt miqdori o‘zgarmasligi va talabalarning borish-kelish xarajatlari institut tomonidan qoplab berilishi qayd etilgandi.

Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lishi ortidan FJSTI rektori Akmal Siddiqov talabalarning ota-onalari bilan uchrashgan. Uchrashuvda Farg‘ona viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Fayzulla Qosimov ham ishtirok etgan.


Mas’ullar tez orada farg‘onalik yoshlarni qiynayotgan muammolarga yechim topilishi, bunda talab etiladigan barcha xarajatlar institut hisobidan qoplab berilishiga ishontirgan.

“Imtihondan o‘tgan talabalar Kubanda o‘qishni davom ettiraveradi. O‘tolmagani Kurskka borib o‘qiydi. Kurskdayam, Kubandayam o‘qishni bitirganlar ikkita diplomga ega bo‘ladi. Kubandan diplomini olib kelganlar universitet kadrlar bo‘limiga borib ariza yozadi va shu ariza asosida ikkinchi diplom berilishi haqida rektor buyrug‘i chiqariladi. Kurskni bitirganlar ham xuddi shu tartibda ikkinchi diplomini qabul qilib oladi.
Endi imtihondan o‘tolmagan talabalarning Kurskka yetib borishi masalasi. Ularning puli yo‘q deyapsizlar. Chipta pulini institut qoplab beradi. Orqaga qaytishni niyat qilmanglar. Mumkin emas. Qaytolmaysizlar. Musofirchilikni ko‘ringlar, tarbiyasini olinglar, yaxshi bilim olib, bu yerga qaytib shifokor bo‘lib ishlanglar. Bu yerda o‘qiganinglar bo‘lmaydi", – degan ota-onalar bilan uchrashuvda Akmal Siddiqov.

Biroq talabalar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda rektor ularni shu paytgacha turli bahonalar bilan aldab kelgani, endi unga ishona olmasliklari, Rossiyada tahsil olishga rozi bo‘lganlardan tashqari barchaning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishni so‘rashmoqda.

“3-kursda o‘qishni bitirib, bu yerga kelganimizda bizni 4-kursga o‘qishga qabul qilmaymiz deyishdi. 2019 yilda biz Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filialiga o‘qishga kirganmiz. 2020 yilda bu filial Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga aylantirildi. Shuning uchun 2019 yildagi shartnoma o‘z kuchini yo‘qotgan, 2020 yilda boshqa shartnoma tuzilishi kerak bo‘lgan. O‘sha yili yangi shartnoma imzolangan-u, lekin unda bizning “3+3", “3+2" qo‘shma dasturlarida o‘qishimiz haqida hech narsa yozilmagan.
Bizni “perevod" uchun imtihon qilishdi. Men imtihondan o‘tdim, lekin yarmimiz o‘ta olgani yo‘q. Lekin imtihondan o‘tganlarning taqdiri ham hali aniq emas. Chunki imtihondan o‘tgan talabalar ham shartnomamiz bo‘lmasa biz bu yerni bitirganimiz bilan diplomimiz nostrifikatsiya qilingandan so‘nggina O‘zbekistonda tan olinarkan, bu jarayon esa juda murakkab, shu sababli imtihondan o‘tganlar ham Kubanda o‘qimoqchi emas.
Rektorimiz bizga imtihondan yiqilganlar Kurskka borib o‘qishini aytdi, lekin shartnoma asosida emas, negadir “perevod" asosida u yerga borib tahsil olish masalasida tegishli joylardan xat qildirib qo‘yibdi. Lekin talabalar bundan norozi. Kurskka o‘tmaymiz, shartnomamiz Kuban davlat tibbiyot universiteti bilan tuzilgan, shuning uchun O‘zbekistonga qaytib, o‘z huquqimizni talab qilmoqchimiz.
Biz qancha harakat qilmaylik hammasini bosti-bosti qilib tashlashdi. Masalan, Kun.uz'da ham muammomiz hal qilingani haqida xabar chiqdi. Lekin bu yerda hech narsa hal bo‘lgani yo‘q. Ya’ni berilayotgan bayonotlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Rossiyaning boshqa shaharlaridagi tibbiyot institutlariga o‘qishni ko‘chirishga hech kim rozi emas. Buni elchixona vakillariga ham aytganmiz", dedi Kun.uz muxbiri bilan 30 avgust kuni suhbatlashgan Madina Zokirova.

Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxona yordami bilan o‘zbekistonlik talabalar va Kuban davlat tibbiyot universiteti rektori o‘rtasida uchrashuv tashkillashtirilgan. Uchrashuvda xorijiy davlat oliy ta’lim muassasasi rahbari o‘zbekistonlik talabalarni qiynayotgan masalalar Akmal Siddiqov Rossiyaga yetib kelganidan so‘ng muhokama qilinishi va uning yakunlariga qarab yechim topilishini bildirgan.

31 avgust kuni Rossiyaga yetib borgan Akmal Siddiqov Kuban davlat tibbiyot universiteti rektori bilan birgalikda o‘zbekistonlik talabalarni qabul qilgan. Uchrashuvda u O‘zbekistonga qaytish istagidagi talabalar faqat Farg‘onada, o‘zi rahbarlik qiladigan institutdagina tahsil olishlari mumkinligi, boshqa hech bir oliy ta’lim muassasasi ularni qabul qilmasligini aytgan. O‘zbekistonga qaytishgan taqdirda ham talabalar bir yildan so‘ng Kuban davlat tibbiyot universitetiga qaytib kelishlari, Rossiyaning tibbiyot yo‘nalishidagi boshqa OTMlariga transfer qilishning imkoni yo‘qligini ta’kidlagan. Vaholanki, rektor Farg‘onada ota-onalar bilan uchrashuv chog‘ida boshqacha va’da bergandi.



Uchrashuvdan so‘ng talabalardan Kubanda qolib yoki Farg‘onaga qaytib o‘qishni davom ettirishga rozi ekanliklari, ikkala universitet rahbariyatiga nisbatan hech qanday e’tirozlari yo‘qligi haqidagi hujjatga qo‘l qo‘yib berish so‘ralgan. Rektor bu hujjatni Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etishi, undan bu talab qilayotganini bildirgani aytilmoqda.

O‘zbekistonga qaytadigan talabalarning yo‘lkirasi, shuningdek, universitet ma’muriyatining tashkiliy ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yolmagani natijasida Rossiyaga kelib-ketish xarajatlari qoplab beriladimi yoki yo‘q, hozircha ma’lum emas.

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining saytida 29 avgust kuni e’lon qilingan xabarda institutning qo‘shma ta’lim dasturi talabalari Kursk davlat tibbiyot universitetida keyingi bosqichda ta’limni davom ettirish uchun Kursk davlat tibbiyot universitetiga qabul qilingani ma’lum qilingan. Biroq bu xabar Kuban davlat tibbiyot universiteti imtihonlaridan yiqilgan talabalarga qanchalik aloqador ekani, agar aloqador bo‘lsa, necha nafar talabaning o‘qishi Krasnodardan Kurskka ko‘chirilishi ochiqlanmagan. Institut saytida rektorning Rossiyaga tashrifiga oid so‘nggi tafsilotlar keltirilmagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, imtihondan o‘tgan va Kuban davlat tibbiyot universitetida o‘qishni davom ettirishga rozi bo‘lgan talabalar Krasnodarda qolgan. Qirq nafarga yaqin talaba Farg‘onaga qaytib, jamoat salomatligi tibbiyot institutida yana bir yil tahsil olishga ko‘ngani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, ular kelgusi yil qayta imtihon asosida Kuban yoki Kurskdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida o‘qishlari mumkin bo‘ladi.