PISA, “burjuyka”da isitilayotgan maktablar va umid


Kecha internetda yangiliklarni ko‘zdan kechirayotib bir ma’lumotga ko‘zim tushdi: Estoniya o‘quvchilar bilimi sifatini baholovchi nufuzli PISA reytingida Yevropada birinchi o‘rinni egallabdi. Undan sal oldin esa universitetdagi kursdoshlarimdan birining 1995 yilda, 10-sinf o‘quvchiligi paytida qariyb ikki oy paxta tergani haqidagi xotirasini o‘qigandim. Ha, bu o‘sha Estoniya – sovet davrida bizga ittifoqdosh bo‘lgan, biz bilan deyarli bir vaqtda mustaqillikka erishgan davlat. Biz bolalarimizni dalaga, o‘qituvchilarimizni nuqul “hasharlar"ga haydagan va obro‘sini bir tiyinga tushirib qo‘ygan paytda estonlar o‘z bolalari bilan boshqacha shug‘ullanibdi, o‘qituvchilariga boshqacha muomala qilibdi.

Bilmaganlar uchun aytib o‘tay: PISA testlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan, tashkilotga a’zo davlatlar va u bilan hamkorlik qiluvchi mamlakatlarda 15 yoshli o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladi. O‘quvchilarning bilimi o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha sinaladi. Test har uch yilda bir marta o‘tkaziladi. Uch yil avvalgi reytingda ham Estoniya Yevropa davlatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ekan.

 Balki Estoniyadek kichkinagina, aholisi 1,5 millionga ham yetmaydigan davlat nazaringizga kirmas. Lekin u elektron boshqaruv bo‘yicha dunyoda eng ilg‘orlardan bittasi hisoblanadi. Har holda bunday natijaga o‘quvchilariga dalada kartoshka terdirib erishmagan. Ta’lim tizimini rivojlantirmay turib taraqqiyotga erishgan birorta davlatni bilasizmi? Shaxsan men bilmayman. Bilganim shuki, yaqin-yaqingacha ta’lim tizimimiz abgor ahvolda ekanini tan olmas edik. Muammo borligini tan olmasak, uni qanday hal qilamiz?..

 Joriy yilning aprelida yurtimizda xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi qabul qilindi. O‘sha kontseptsiyaning izohida aytilishicha, mamlakatimizdagi 9 691 umumta’lim maktabining 28 foizida qo‘shimcha jihozlashga ehtiyoj mavjud, maktablarda ishlatilayotgan jihozlarning 50 foizi ma’nan va jismonan eskirganligi uchun almashtirilishi kerak, 3 000 dan ortiq maktablarda o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishi uchun oshxonalar va bufetlar tashkil etish lozim. Bundan tashqari, elektr, ko‘mir, sovuq va issiq suv, gaz ta’minoti va kanalizatsiya bilan bog‘liq infratuzilma muammolarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yetarli e’tibor qaratilmayapti, ayniqsa uzoq aholi punktlari va qishloq joylardagi 1 726 umumta’lim maktabi qo‘lbola (burjuy) pechlar yordamida isitilmoqda. 2 907 ta umumta’lim maktabi qurilish-ta’mirlash ishlariga muhtoj.

Mana sizga rasmiy raqamlar! Axir, biz XXI asrda yashayapmiz! Maktablarimizni esa hali ham qo‘lbola pechka bilan isityapmiz. Gazimiz o‘ttiz yilda ham shu maktablarga yetib kelmaganini qarang (bilaman, shahardagi uylarda yo‘q gaz qishloqdagi maktabga qanday yetib borsin degan gap o‘tyapti ichingizdan).

Hayotda menga eng ko‘p alam qiladigan narsalardan biri – boy berilgan vaqt. Chunki uni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Biz shundoq ham juda ko‘p vaqtni va imkoniyatni qo‘ldan chiqardik. Buning kasriga esa bolalarimiz qolyapti.

Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida O‘zbekistonning 2030 yilga kelib PISA reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish vazifasi belgilangan. Ana shu reja amalga oshishiga juda-juda ishongim keladi.

O‘sha kichkinagina, sobiq ittifoqdoshimiz bo‘lmish Estoniya allaqachon bu reytingning yuqori o‘rinlarini zabt etib bo‘lgan. Biz esa 2030 yilda reytingda birinchi o‘ttiz mamlakatdan biri bo‘lishni rejalashtirganmiz.

Nima ham derdim, shunisiga ham shukr, bu ham bir umid-da.

Ubaydulloh Adhamov

Azon.uz