Pedagoglar faoliyati talabalar tomonidan anonim tarzda baholanishi mumkin


Oliy talim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, lavozimlarni egallashning besh yillik muddati davrida rektor buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasasi komissiyasi tomonidan har bir o‘quv yili yakunlari bo‘yicha barcha pedagog xodimlar faoliyati muvofiq keltirilgan mezonlar asosida atroflicha o‘rganib chiqiladi va baholanadi, tugallangan fan o‘qituvchilarining dars berish samaradorligi talabalar tomonidan anonim tarzda baholanadi.

Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish va baholash hamda tugallangan fan o‘qituvchilarining dars berish samaradorligini anonim tarzda baholash tartiblari oliy ta’lim muassasasining kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish va baholash hamda tugallangan fan o‘qituvchilarining dars berish samaradorligini anonim tarzda baholash natijalari oliy ta’lim muassasasi kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

O‘rganish natijalari asosida oliy ta’lim muassasasi kengashi qaroriga muvofiq pedagog xodimlar rag‘batlantiriladi, ularni egallab turgan lavozimi yoki undan yuqorilariga muvofiqligi bo‘yicha tavsiya beriladi, shuningdek pedagog xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli o‘quv-metodik, ilmiy, tarbiyaviy ishlari sifati, o‘qitgan talabalarining o‘zlashtirish darajasi past bo‘lgan taqdirda, tanlovni o‘tkazish tartibida belgilab qo‘yilgan muddatdan qat’iy nazar u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

Manba: xabar.uz