O‘zbekistondagi 30 ta OTM dunyoning yetakchi universitetlari reytingiga kiritildi


Oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytingi hisoblangan Times Higher Education o‘zining 2022-yil uchun reyting (The Impact Rankings 2022) natijalarini e’lon qildi, deb xabar beradi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi.

O‘zbekistonning 30 ta oliy ta’lim muassasasi ushbu reytingdan ilk bor o‘rin egallagan. Reytingdan o‘rin olgan O‘zbekiston OTMlari qatorida Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent moliya instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Andijon mashinasozlik instituti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Akfa universiteti ham bor.


Ma’lumot uchun, 2021-yilda ushbu reytingga 10 ta oliy ta’lim muassasasi kirgan edi. O‘tgan yili ushbu reytingda 94 ta davlatdan 1000 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari ishtirok etgan bo‘lsa, 2022-yilda 110 ta davlatdan 1500 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning oktabrida prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilgacha oliy ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlovchi qarorga imzo chekkan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini ilg‘or universitetlarga aylantirish va ulardagi ta’lim darajasini dunyoning 500 ta eng yaxshi universitetlari qatoriga qo‘shish rejalashtirilgan.