Vazir Mixail Murashko boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekistonda N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filialini ochish masalasiga alohida eʼtibor qaratilda.
Avval xabar berganimizdek, bu borada bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi va N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Shu sababli ham delegatsiya aʼzolarining navbatdagi manzili ushbu filial uchun tanlangan Chilonzor tibbiyot kolleji binosi bo‘ldi.
Maʼlumki, mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi va N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish va O‘zbekistonda yuqori texnologik tibbiy yordam tizimini rivojlantirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirmoqda.
Hamkorlik dasturini amalga oshirishning birinchi bosqichi doirasida Toshkent shahrida yuqorida aytib o‘tilgan Rossiya universitetining ordinaturada (keyinchalik aspiranturada) yuqori malakali kadrlar tayyorlash va tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha kasbiy taʼlim berish bo‘yicha filialini ochish rejalashtirilgan.
Yuqori malakali tibbiy taʼlimni tashkil etishning asosiy sharti — bu zamonaviy yuqori texnologik klinik bazalarda o‘qitish, buning uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) va akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIXIATM) tanlangan.
Delegatsiya aʼzolari klinik bazalar sifatida tanlangan ushbu tibbiyot muassasalariga ham tashrif buyurishdi.
Eslatib o‘tamiz, universitet filialini joylashtirish uchun taʼlim faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan binolar majmuasiga ega bo‘lgan va belgilangan klinik bazalar yaqinida joylashgan Chilonzor tibbiyot kolleji tanlangan.
Filial binolari va inshootlarini rekonstruksiya qilish (qurish) hamda o‘quv va simulyatsiya uskunalari bilan jihozlash bilan bir qatorda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini ham yuqori malakali shifokorlarni tayyorlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy tibbiyot yuqori texnologik uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish natijasida RSHTYOIM, akademik V. Vohidov nomidagi RIXIATM Rossiya universitetining filiali bilan birgalikda O‘zbekistonning yetakchi konsultativ, tibbiy (keyinchalik ilmiy) va o‘quv markazlariga aylanadi.
Talabalarni ordinatura (keyinchalik aspirantura)ga o‘qishga qabul qilish mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari o‘rtasida tanlov eʼlon qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Universitet filialining professor-o‘qituvchilar tarkibi Rossiya universiteti xodimlari, mamlakatimiz mutaxassislari va kelajakda filialning eng yaxshi bitiruvchilaridan shakllantiriladi.
Toshkent shahrida N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filiali ochilgandan ikki yil o‘tib, O‘zbekiston ordinatorlarning birinchi bitiruvchilariga ega bo‘ladi.
Natijada, butun mamlakat bo‘ylab aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligi va tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash sifatining ham oshishi hamda zamonaviy davolash usullarini tizimga tezroq joriy etilishiga erishiladi.
Delegatsiya aʼzolari yurtimizdagi hamkasblari bilan ushbu yo‘nalishda hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni batafsil muhokama qilib oldilar.