O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni yana-da qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi Farmon imzolandi.
Unga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi kvotasi tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar va magistratura bosqichi talabalari uchun ikki barobarga oshirilib, tegishlicha 10 ta va 22 ta etib, bakalavriat bosqichi talabalari uchun esa har bir oliy taʼlim muassasasiga 1 tadan etib belgilandi.
Ushbu stipendiya tanlovlari endi davlat oliy taʼlim muassasalarining qo‘shma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikada faoliyat yurituvchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining filiallari va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham tatbiq etiladi.