O‘zbek o‘qituvchisi Yaponiyada


— Oyijon, biz nechanchi avtobusda ketamiz?

— 29nchi avtobusda.

— Bu 22nchi, demak, bizning avtobus emas ekan.

Mahbuba 3 yoshli o‘g‘lining raqamlarning qayerdan bilishiga hayratlandi.

— Sen bu sonlarni kayerdan bilasan?

— Sensey (tarbiyachi, ustoz) bizga bog‘chada o‘rgatadi...

— Men uch yoshli o‘g‘limning barcha raqamlarni bilib olganiga juda hayratlanganman, — deydi bugun Yaponiyada yashayotgan hamyurtimiz Mahbuba Kamolova. — Yaponiyaga ilk kelgan paytlarimda tili, dini, madaniyati va yashash muhiti bizdan keskin farq qilgan davlatning pastu balandiga moslashib, ko‘nikib ketishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘lgan. Dastlab yapon madaniyati, taomlarini qiziqish bilan o‘rgana boshladim. Anchagina do‘stlar orttirdim.

— Yapon tilini qanday o‘rgandingiz?

— Bilasizmi, bu yerda juda ko‘p ishlar ko‘ngillilar orqali amalga oshiriladi. Ya’ni, hech qanday manfaatsiz. Dastlab men ham yapon tilini volontyorlik kurslariga qatnab o‘rgandim. Til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqim juda baland edi, shuning uchun tez o‘zlashtirdim. O‘rganganlarimni amaliyotda qo‘llab, 3-4 oy deganda muloqot qila oladigan bo‘ldim. Keyinroq esa Aiwa Language Institute Japanese Language Courseni tamomladim. 2014-yilda Fukuoka xalqaro almashinuv markaziga tanlov asosida o‘zbekistonlik xalqaro o‘qituvchi sifatida qabul qilindim...

Ha, Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Mozorko‘hna qishlog‘ida o‘sib ulg‘aygan Mahbuba asli ilmga chanqoq, izlanishdan to‘xtamaydigan yoshlardan edi. Dastlab Andijon davlat universitetining biologiya fakultetini tugatdi keyin...

— 2005-2007 yillar fiziologiya yo‘nalishida magistraturada o‘qish davomida Andijon tillar pedagogika instituti qoshidagi akademik litseyda biologiya fanidan dars berdim, 2007 yildan Toshkent Tibbiyot akademiyasi qoshidagi akademik litseyda, 2009 yildan esa 1-Respublika tibbiyot kollejida faoliyat olib bordim. 2010 yildan buyon oilamiz bilan Yaponiyada yashab kelmoqdamiz. Turmush o‘rtog‘im Sohibjon Abdullayev Yaponiyaning Fukuoka shahrida o‘rta maktabda ingliz tilidan ta’lim berish bilan birga, Yaponiyada ingliz tili o‘qituvchilari uchun chet tillarini interaktiv usulda o‘qitish bo‘yicha o‘quv trening mashg‘ulotlarini olib boradi.

—  Siz ishlayotgan markazning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

— Yapon xalqining boshqa mamlakatlar bilan madaniy, ma’rifiy, ijtimoiy aloqalarini yo‘lga qo‘yish, Yaponiyada yashovchi xorijliklarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash. Shuningdek, hech bir davlat bilan chegaradosh bo‘lmagan yapon xalqini boshqa xalqlar hayot tarzi, madaniyati, tili, tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari bilan tanishtirishdan iborat. Men bu faoliyatim orqali boshlang‘ich, o‘rta maktablarda, litsey va oliygohlarda, shu bilan birga, mahalliy aholini o‘zida jamlaydigan madaniyat uylarida O‘zbekistonimizni yapon xalqiga tanishtirib boraman.

— Har bir millatning o‘ziga xos madaniyati bo‘ladi. Va bu boshqa millat uchun qiziqarli va hayratlanarli tuyulsa kerak.

— Albatta taqdimotlarimda Buyuk ipak yo‘lida joylashgan, boy o‘tmishga ega vatanimizning tarixiy obidalari, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi ko‘hna shaharlarimiz haqida alohida to‘xtalaman. Toshkentimiz tarovati, metrolarimiz, favvoralarimizu ko‘ngilochar istirohat bog‘larimiz ham e’tiborimdan chetda qolmaydi. Darslarimda albatta o‘zim tug‘ilib o‘sgan go‘zal vodiyimizning jozibador tabiati, sarxil mevalarini jo‘shib gapirib beraman. Yana yaponlar uchun urushdan so‘ng yapon asirlari ishtirokida barpo qilingan Alisher Navoiy opera teatri mavzusi ham juda mushohadali mavzulardan hisoblanadi. Ularga yana mehmondo‘st xalqimiz, milliy liboslarimiz, kulolchilik namunalarimiz, tandirdan yangi uzilgan nonlarimizu milliy taomlarimiz ham juda qiziqarli mavzulardan deya olaman. Milliy taomlarimizdan osh, somsa, manti kabilarni tayyorlashni o‘rgataman. Yaponlar uchun bu ham yangilik albatta. Maktablardagi taqdimotlarimda esa O‘zbekiston ta’lim tizimi, darslarimiz haqida so‘zlayman. Buyuk bobokalonlarimiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalar yurtidan ekanimdan faxrlanishimni e’tirof etaman.


— Keyingi paytlarda yurtimizga sayyohlarni jalb qiluvchi juda chiroyli videoroliklar soni ortib bormoqda, shulardan ham foydalanasizmi?

— Darvoqe, shunday videoroliklarni namoyish qilish orqali yaponlarda Vatanimiz haqida keng, ijobiy tasavvur hosil bo‘lishini ko‘rib quvonasan kishi. Milliy raqslarimiz aks etgan videotasvirlar yordamida ularga raqs ham o‘rgataman. Jozibador raqislarimiz ularni hayratga soladi. Maktabdagi amaliy darslarimga, beshik ham olib boraman ba’zida. Qo‘g‘irchoq yordamida o‘zbegimning azaliy qadriyatlaridan bo‘lgan alla sadolari ostida bolani beshikka belashni amaliyotda ko‘rsatib berganimda, ular boshqacha qiziqish bilan tomosha qilishadi...

Albatta bu sa’y-harakatlarimiz natijasida O‘zbekistonga qiziqib, tashrif buyurgan yapon sayyohlari ham talaygina. Ularning ayrimlari sayohat oldidan mendan o‘zbek tilini o‘rgatishini iltimos qilishganida bajonidil rozi bo‘laman.

Ularga eng zarur so‘zlashuv iboralarini o‘rgataman. Yaponlar ichida o‘zbek tili, madaniyati, tarixini o‘rganmoqchi bo‘lganlar juda ko‘p. Buning uchun lug‘atlarimizni yanada boyitishimiz kerak, deb o‘ylayman.

— Suhbatimiz boshida bog‘chalarga alohida urg‘u bergandik. Yapon bog‘chalari haqida gapirib bersangiz.

— Bu yerda hashamatli bog‘chalarni kam uchratasiz. Hatto bolalar uchun bitta xona ham uxlaydigan, ham ovqatlanadigan, ham o‘ynaydigan, ham mashg‘ulotlar o‘tadigan xona hisoblanadi. Dars o‘tishdan oldin barcha yig‘ilgan stollarni ochadi, uxlashdan oldin yerga yig‘ilgan ko‘rpalarni to‘shaydi, ya’ni bularning barchasi mehnat, ammo ular har kungi ushbu mehnatdan sira qochmaydi. Mana shunday sharoitda ham bolalarga sifatli bilim berishadi. Ya’ni, u yerda bolalar a’lochi yoki bilimi pastroq bolaga ajratilmaydi. Tarbiyachilaru o‘qituvchilar har bir bola bilishi kerak bo‘lgan narsani qayta-qayta tushuntirib o‘rgatishdan og‘rinmaydi.

— Inson borgan joyiga juda ko‘nikuvchan bo‘ladi. Sizni ajablantirgan va kundalik odatingizga aylangan jihatlarga ham to‘xtalsangiz.

— Yaponlar uzoq yashash sirini sog‘lom turmush tarziga amal qilishda deb hisoblashadi. Ular kundalik iste’mol qiladigan mahsulotlarining xilma-xilligiga, kaloriyasiga e’tibor qaratishadi. Qanday kaloriyadagi ovqatni yeyishi kerakligini aniqlab beradigan apparatlari bor. Masalan, bizda to‘y-hashamlarga katta e’tibor beriladi, millatimizni ko‘proq qiziqtiradigan narsalar ham shular. Bu yerda to‘y-ma’rakalarga qattiq ruju qo‘yishmagan. Ammo bularning ham o‘ziga yarasha qiziqishlari mavjud. Ular ko‘proq sayohatlarga chiqishadi. Yana bularning “ufro"si bor. Bu degani, har bir inson kundalik odatga aylantirgan (issig‘i chiqmagan bo‘lsa bo‘ldi), chaqalog‘idan tortib keksasigacha 15-20 daqiqa issiq vanna qabul qilishadi. Keyin bular yechgan kiyimini qaytib kiyishmaydi. Kir mashinaga tashlanadi, balki shu kiyim ertalab kiyilgandir, top-tozadir, buning ahamiyati yo‘q. Meni yana hayratlantirgani — hamma joyning tozaligi. Yo‘laklar, ko‘chalar... U yerda maxsus tozalaydigan xizmatchilar yo‘q. Masalan, hojatxonalar juda ozoda, haddan ortiq toza. Eng qizig‘i, farroshlari yo‘q. Bu yerda hamma ko‘ngilli bo‘lib tozalaydi. Ya’ni, jamoat joylarini tozalash uyat ish emas. Yurt tozaligi uchun hamma vijdonan harakat qiladi. Hullas, o‘rganishga arziydigan odatlar.

— Rejalaringiz...

— Kelgusidagi maqsadimiz — turmush o‘rtog‘im bilan qachonlardir vatanimga qaytib, yapon tizimiga mos xususiy maktablar ochish. Yaponlarning salohiyatini, mehnatkashligini milliyligimizga omuxtalashtirib, bolalarga yoshligidanoq singdirish. Hozircha esa imkoniyatdan foydalanib turmush o‘rtog‘im bilan yapon xalqiga milliyligimizni, qadriyatlarimizni targ‘ib qilyapmiz. Xorijliklarning yurtimizga qiziqishi ortayotgani esa katta yutug‘imiz, deb hisoblayman. O‘g‘illarim Behzodbek, Sardorbek, Azizbekning mana shu mamlakatda bilim olayotgani va kelgusida shu bilimlarini ota yurti O‘zbekiston uchun “sarmoya" sifatida kiritishi menga boshqacha huzur bag‘ishlaydi...

Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishiga hissa qo‘shayotgan Mahbubadek yoshlarimiz ko‘pligi esa bizni ham quvontiradi.

Manba: xabar.uz