O‘quvchining ovqatiga sarflangan har bir dollar uch baravar bo‘lib qaytadi — Toqayev


Kam ta’minlangan oilalardan chiqqan maktab o‘quvchilari davlat hisobidan bepul issiq ovqat bilan ta’minlanadi, ammo istardikki, qozoq tadbirkorlari ham bizga yordam berishsa, dedi Qosim-Jomart Toqayev Prezident yosh zaxira kadrlari bilan uchrashuvda.

«Davlat ijtimoiy siyosatining eng optimal modelini qidirish bilan bandmiz. Manzilli ijtimoiy yordam, ayniqsa, o‘ta muhim. Davlat chindan-da ko‘makka muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishi shart. Odamlarga oqlanmaydigan va’dalar bermaslik kerak. Bu yo‘lning oxiri voy. Hukumat, daromadidan qat’i nazar, barcha ko‘p bolali oilalarga nafaqa to‘laydi», — dedi Qozog‘iston prezidenti.

Toqayevning ta’kidlashicha, kam ta’minlangan oilalarning maktab o‘quvchilari bepul issiq ovqat, yo‘lkira, maktab formasi, kerakli o‘quv qo‘llanmalari bilan davlat hisobidan ta’minlanadi. Bu savobli ishdan, prezidentning qo‘shimcha qilishicha, «milliy burjuaziya» — mahalliy tadbirkorlar chet qolishmasa yaxshi bo‘lardi.

Toqayev tadbirkorlarning mamlakatdagi bolalarni faol qo‘llab-quvvatlash tajribasi qator Yevropa mamlakatlarida, xususan, Finlyandiya, Shvetsiya, Chexiya va Estoniyada yaxshi samara berayotganini eslatib o‘tdi.


«BMT jahon oziq-ovqat dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, maktab o‘quvchisining ovqatlanishiga sarflangan har bir dollar uch, ba’zida o‘n baravar bo‘lib o‘zini qoplab ketarkan. Biz biznes vakillari, saxovatpeshalar yordamida bu vazifani uddalay olishimizga ishonman», — dedi Qosim-Jomart Toqayev so‘zini yakunlarkan.

Manba: xabar.uz