So‘nggi paytlarda malaka oshirish yoki kasbga qayta tayyorlash kurslariga talab sezilarli darajada oshgani kuzatilmoqda. PRonline reklama agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning may oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan “Yandeks" (“Yandeks Taksi" emas) foydalanuvchilarining qiziqishlari kopirayting* kurslariga 60 % ga, SMM** kurslariga 63 % ga oshgan. Shuningdek, so‘rovda raqamli texnologiya asoslari hamda Instagramda biznes va shaxsiy profilni rivojlantirish ham eng ko‘p qiziqish bildirilayotgan yo‘nalish ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shubhasiz, bu yaxshi o‘zgarish. Bozor talablari ortidan yugurish va o‘z sohasidagi barcha yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun inson doim o‘z bilim doirasini kengaytirib borishi kerak. O‘zim o‘nlab kurslarda o‘qiganman va jamoamdagi hamkasblarim orasida ham bunga jazm qilganlarni doim qo‘llab-quvvatlayman. Ehtimol, quyida yoritilgan ta’lim yo‘nalishidagi onlayn tadbirlardagi ishtirokimizdan orttirilgan tajriba, shuningdek, bu jarayonlardagi kuzatuvlarimiz o‘quvchilarga ham foyda keltirar.
Bilim shahodatnomadan muhimroq
Onlayn kursga yozilishga qaror qilarkansiz, ikki muhim jihatga alohida e’tibor qarating. Birinchidan, onlayn ta’lim ko‘plab davlatlar, jumladan, bizning mamlakatda ham sertifikatlashtirilmagan. Bu esa hech bir onlayn maktab yoki biznes-murabbiy sizga davlat namunasidagi shahodatnomani berolmasligini anglatadi. Ikkinchidan, onlayn ta’lim olganingiz haqidagi hujjat ish izlayotganingizda siz uchun bonus bo‘lishi mumkin, lekin raqobatbardosh ustunlik taqdim eta olmaydi.
Bularning baridan yaqqol xulosa kelib chiqadi: sizga kursni tugatganingiz haqidagi hujjat emas, haqiqiy bilim bera oladigan ta’lim kursini topishingiz kerak. Bunday mashg‘ulotlarni, asosan, o‘z sohasida ko‘p yil faoliyat yuritib tajriba orttirgan agentlik va mutaxassislar tashkil qilishadi.
Kurslar ekotizimi. Bu haqda nima bilish kerak?
Raqobat kuchli bo‘lgan sharoitda (bugungi kunda onlayn kurslar bozorida raqobat chindan ham kuchli) ko‘plar mijozlarni “aynan boshqalar taklif qilayotgan miqdordagi pul evaziga ulardan ko‘ra ko‘proq ma’lumot berish" bilan qiziqtiradilar. Nafaqat Instagram bilan ishlash, balki SMM + qo‘shimchasiga raqamli texnologiya asoslari. Ammo o‘z tajribamdan kelib chiqib aytaman-ki, aslida “barchasi birda" shaklidagi kurslardan yomoni yo‘q. Ko‘p vaqt sarflaysiz, bir mavzudan ikkinchisiga sakrayverasiz va natijada yuzaki bilimlarnigina olganingiz qoladi. Yaxshisi, ma’lum yo‘nalish bo‘yicha mashg‘ulotlarni tanlab, o‘sha yo‘nalishni chuqur o‘rgangan ma’qul. Agar kurs amaliy topshiriqlarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, yana ham yaxshi — faqat ma’ruza shaklidagi mashg‘ulotlarni o‘zlashtirish qiyinroq.
Boshlang‘ich bilimlar — samarali ta’lim garovi
Hamkasblarimdan biri jamoamizga kelmasidan ancha avval ro‘y bergan voqeani so‘zlab bergandi. Onlayn dars mavzusi, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot, dastlabki ma’ruza endigina boshlangan. Boshlovchi obunachilarni jalb qilishning standart usullari va faollik tahlili haqida gapirmoqda, o‘quvchilardan biri esa “Facebookda qanday qilib guruh ochish mumkin" ligi haqida so‘ramoqda.
Bu holat shuni ko‘rsatadiki, ko‘p o‘quv dasturlarini o‘zlashtirish uchun siz avval boshlang‘ich (va bazaviy) bilimga ega bo‘lishingiz kerak. Axir odam institutga bolalar bog‘chasini bitirib kirmaydi-ku! Unda nima uchun ba’zilar kopirayterlikdan SMM-menejerlikka o‘tmoqchi bo‘ladilar-u, o‘rtadagi bosqichlarni (hech bo‘lmaganda, mavzuga oid kitoblarni o‘qishni) chetlab o‘tishga urinadilar? Kuzatuvlarimizga ko‘ra, odatda bunday strategiya natija olib kelmaydi — yangi bilim va ko‘nikmalarni tayyorgarliksiz o‘zlashtirishga qaror qilganlarning 80 foizi oxir-oqibat baribir o‘qishni tashlab ketadilar.
Sinov darsi haqiqatan foydali bo‘lishi mumkin
Agar kurs tashkilotchilari sinov darsiga qatnashib ko‘rishni taklif qilishayotgan bo‘lsa, albatta qatnashing. Odatda bu dastur sizga to‘g‘ri kelish yoki kelmasligini birinchi mashg‘ulotning o‘zidayoq tushunib olish mumkin.
2019-yil kurslari. Qiziqarli takliflarni izlab…
Har qanday maslahatni misollar bilan mustahkamlagan ma’qul. Fikrimning isboti uchun, bizga yaqin bo‘lgan yo‘nalishlar (marketingda munosabatlarni o‘rnatish, raqamli texnologiya, SMM va h.k.) doirasidagi onlayn darslar bo‘yicha hozirda ommabop bo‘lgan takliflarni tahlil qilib chiqishga qaror qildim. Quyidagilar menga qiziqarli ko‘rindi:
• SKILLBOX tashkillashtirgan “Ingeytdan Internet-marketolog" kursi. Dasturga Yandex Direct, Google Adwords, SMM, SEO, SERM, veb-tahlil kiritilgan. Bir qarashda, juda ko‘p yo‘nalishlar kiritilgan, biroq munosib ravishda dastur uchun 19 hafta ajratilgan. Undan 60 soati nazariy mashg‘ulotlarga, 40 soati amaliyotga ajratilgan. Juda oqilona yondashuv. Bu holatda gap yangi ixtisoslikni egallash haqida bormoqda (hatto boshlang‘ich darajada bo‘lsa ham). Shunday ekan, hech hayratlanmang, ta’lim narxi ham shunga yarasha — 70 000 rubl.
• Lynda.com taqdim etayotgan ingliz tilidagi Marketing Communications dasturi. Soha asoslari o‘rgatiladi, narxi baland emas (oyiga — 2 000 rubl) va birinchi oyda mashg‘ulotlarga bepul qatnashib ko‘rish mumkin.
• Sankt-Peterburg davlat universitetidan “Kreativ kommunikatsiya: usul va vositalar" (coursera). Bir oylik kursda bepul o‘qish mumkin. Sertifikat uchun 1 901 rubl to‘laysiz, shunda ham agar u sizga kerak bo‘lsa…
• SKILLBOX dan yana bir taklif: raqamli (digital) loyihalarga rahbarlik qilish niyatida bo‘lganlar uchun kurs. 16 hafta, 39 000–50 000 rubl. Shunisi e’tiborga molik-ki, kurs tugagach, uni istalgancha qayta-qayta eshitish mumkin — barcha ishtirokchilar dasturdan keyinchalik ham chegarasiz foydalanishlari mumkin.
Har biringizga omad tilayman!
Pro-Vision kompaniyalar tarmog‘i rahbari Vladimir Vinogradov o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
*Kopirayting (Copywriting) — reklama yoki marketingning boshqa ko‘rinishdagi maqsadlari uchun matn tayyorlash faoliyati hisoblanadi.
** SMM (Social Media Marketing) — biror mahsulot, korxona yoki xizmatlarni ijtimoiy tarmoq orqali ommaga tanitish maqsadida rasmiy profil(lar) ni yurgizish.
Manba: Khan Academy Oʻzbek