Okean ortidagi o‘zbek. AQShda ham grantda o‘qish, ham ishlab pul topishga imkon beruvchi kollejlar bor


Oramizda «sehrli diyor» deya ta’rifu tavsiflanuvchi davlatda tahsil olish yoki u yerga bir bor bo‘lsa-da sayohat qilishni orzu qiluvchi insonlar talaygina.

«Xorijdagi vatandoshlar» sahifamizning navbatdagi mehmoni AQShning Kentukki shtatidagi Berea kollejida tahsil olayotgan hamyurtimiz Dostonbek Toirov bo‘ldi. U bilan okean ortidagi taassurotlar, ushbu mamlakatdagi ta’lim tizimi va boshqa jihatlar haqida suhbatlashamiz.

— Dostonbek, suhbatimiz avvalida o‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz?

— Men 1998 yil Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidan tug‘ilganman. Ota-onam biz farzandlarning ta’lim va tarbiyamizga alohida e’tibor qaratishgan. Shu bois, 6 yoshimdan Andijon shahridagi 34 davlat ixtisoslashtirilgan maktabida o‘qidim.

Maktab davrida ham fanlarni yaxshi o‘zlashtirishimga ularning e’tibori kuchli edi. O‘qishga bo‘lgan kuchli qiziqishim, ota-onam va ustozlarimning bilim borasidagi ko‘magi sabab maktabni imtiyozli shahodatnoma bilan tamomladim. So‘ng Andijon davlat universiteti qoshidagi 5-sonli akademik litseyda tahsil oldim. Hozirda Kentukki shtatidagi Berea kollejining 4 yillik bakalavr darajasini beruvchi Kompyuter va axborot fanlari, matematika va biznes boshqaruvi sohalari bo‘yicha to‘liq grant asosida ta’limni davom ettiryapman.

Foto: «Xabar.uz»

— Nima uchun aynan AQShda tahsil olishga qaror qildingiz?

— Andijonda o‘qib yurgan kezlarimdan qo‘shimcha xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini mukammal o‘rganishga harakat qildim. Maqsadim, xorijning nufuzli ta’lim dargohlarida o‘qish bo‘lgan.

Berea kolleji haqida litseyning birinchi bosqichida o‘qiyotganimda eshitganman va aynan shu yerda o‘qish men uchun muhim maqsadga aylandi. Lekin litseyni tugatib, ba’zi sabablar bilan Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga hujjat topshirdim. Universitetga kontrakt asosida qabul qilindim. Shu tufayli ham yana Berea kollejiga topshirish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. 2016-yil noyabr oyida barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab, kollej ma’muriyatiga yubordim. Shunday bo‘lsa-da, Vestminster universitetidagi o‘qishni tashlab qo‘ymadim. 2017-yil aprel oyining boshlarida Berea kollejidan o‘qishga qabul qilinganligim to‘g‘risida xat kelgan.

Bu yerga kelishimning yana bir asosiy sabablaridan biri – Qo‘shma Shtatlarning yuqori darajadagi sifatli ta’lim tizimi, ayniqsa, men tanlagan sohada. Undan tashqari, moliyaviy sabablarga ko‘ra to‘liq grant olib o‘qish men uchun muhim hisoblangan. Berea kolleji esa, 4 yillik o‘qish uchun barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grantni taqdim etdi.

Foto: «Xabar.uz»

— Xo‘sh, kollej haqidagi taassurotlaringiz qanday?

— Kollej Berea shaharchasida joylashgan. Shahar adirlar va kichik o‘rmondan iborat yashil tabiatli hudud. Kollej shaharning katta qismini egallagan. Bereani talabalar shaharchasi deguvchilar ham bor. Kollejda dunyoning 120 dan ziyod davlatlari va AQShning deyarli barcha shtatlaridan kelgan 1600 dan ortiq talabalar tahsil olishadi. Kollej hududi 60 dan ko‘proq binolarni o‘z ichiga oladi. Ulardan 15 ga yaqini talabalar yotoqxonasi, ulkan kutubxona, sport kompleksi, aniq fanlar va boshqalardan iborat.

Qolaversa, kollejda talabalar darslardan tashqari kompusda tayinlangan ishlarda haftasiga 10-15 soat ishlashlari lozim. Bu ishga, albatta, oylik to‘lanadi. Talabalar ishdan topgan pullarini o‘zlarining shaxsiy xarajatlari uchun sarflashlari mumkin.

— Kuzatishlaringiz natijasida amerikaliklarning hayotga munosabatida qanday o‘ziga xos jihatlarga guvoh bo‘ldingiz?

— Men muloqotda bo‘lgan amerikaliklar orqali ular haqida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Yoqqan jihatlardan ularning o‘zaro muloqotda samimiylik va do‘stonalikka intilishi bo‘ldi. Misol uchun, qayerga bormang, ayniqsa o‘qish va ish joylarida notanish amerikalik, u yosh yoki keksa bo‘lsin, muloqotda professionallik bilan javob berishiga guvoh bo‘lasiz.

Shuningdek, ko‘pchilik amerikaliklar juda mehnatkash va bilim olishga e’tibor berishadi. Ularning yoshi 40 – 50 dan oshgan bo‘lsa ham, universitet yoki kollejga borib ta’lim olishdan uyalishmaydi. Ularda farovon hayotga faqat yuksak bilim hamda katta mehnat ortidan erishish mumkin, degan g‘oya shakllangan.

Ular ish va o‘qish bilan birga dam olish, hordiq chiqarishga ham yaxshigina e’tiborlidir. Aksariyat amerikaliklar haftada 5 kun ishlashadi (ko‘pincha kunlik 8 soat), qolgan 2 kunini oila va do‘stlar bilan turli mashg‘ulotlar hamda dam olish bilan o‘tkazishadi.

Foto: «Xabar.uz»

— O‘zbekistonda AQShdagi qanday innovatsiyalarni joriy etish mumkin deb hisoblaysiz?

— Bolalikdan AQShni yangiliklar, yangi kashfiyotlar markazi deb o‘ylaganman. Va bu yerga kelib fikrlarim ko‘p jihatdan o‘zini oqladi. Haqiqatdan ham AQSh yirik moliyaviy va innovatsion markaz. O‘rganadigan tajribalar talaygina.

O‘ylashimcha, AQShning fuqarolarga individual sharoitlar yaratib berayotgani, qonun himoyasining to‘liq ishlashi, yutuqlar va g‘oyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatning bugungi mavqeiga sabab bo‘lgan. Eng muhimi, bu yerda fuqaroning yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi, mansabidan qat’i nazar o‘z g‘oyasi yoki biznesini boshlash uchun barcha kerakli manbalar va qonunchilik mexanizmi yetarlicha yaratilgan.

Foto: «Xabar.uz»

— AQSh-O‘zbekiston ta’lim tizimida o‘xshashliklar bormi, ularning ta’lim sohasidagi qanday tajribalarini o‘rganishimiz mumkin?

— Bir qancha o‘xshashliklar mavjud. Misol uchun, ta’lim davomiyligi, ya’ni O‘zbekistondagidek boshlang‘ich, o‘rta va yuqori bosqichdan iborat.

11 yillik maktab tizimi va 4 yillik bakalavriat va hakazo. Lekin, fikrimcha, AQShning ta’lim tizimida O‘zbekistonga nisbatan farqlar ham ko‘p. O‘zbekistonda bularning eng maqbullarini joriy etish har tomonlama foydali bo‘ladi.

Masalan, AQSh ta’lim tizimida talabalarga katta erkinlik berilgan. Oliy ta’lim muassasalarida talaba qaysi sohada o‘qishini o‘qishga qabul qilinganidan keyin ham hal qila oladi va eng qizig‘i, 4 yil davomida o‘qiyotgan sohasini bir necha marta o‘zgartirishi ham mumkin.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda o‘qishni tamomlash ko‘p hollarda O‘zbekistondagi kabi vaqt bilan o‘lchanmaydi. Balki ta’limda kredit kurs amal qiladi. Misol uchun, bizda bakalavr darajasini olish uchun talaba 4 yil to‘liq o‘qishga majbur. Amerika tizimida talabalarga o‘quv dasturi beriladi va agar ular mana shu dasturdagi barcha kurslarni o‘qib tugatsa, 3 yilda ham bakalavr diplomini qo‘lga kirita oladi.

AQSh ta’lim tizimining yana bir afzalligi – talabalar dars rejalarini o‘zlari tuzadi. Ya’ni talabalar qanday darslar olishni mustaqil hal qiladilar. Talaba xohlasa sohasiga aloqador bo‘lmagan fanlarni ham o‘qish imkoniyatiga ega.

Bilishimcha, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida talabalar uchun 4 yillik dars va kurslar rejasi oldindan tasdiqlanadi. Bu tizimdan bosqichma-bosqich voz kechish kerak, deb o‘ylayman. Boisi hozirgi shiddatli davrda kechagi dunyo qarashingiz bugungi kunga yoki ertangi kun uchun mos kelavermayapti.

— Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?

— Kelajakdagi maqsadlarim talaygina. Bulardan eng asosiysi — tanlangan sohamda bilim va tajribalarimni oshirib, professional darajaga yetishish va shu orqali boshqalar uchun yengillik keltiradigan ishlarni amalga oshirishdir.

Bugungi kunda o‘qishdan tashqari dasturlash va ingliz tilini o‘rgatishga moslashtirilgan beruny.com internet saytini olib boryapman. Keyinchalik O‘zbekistonga qaytib ta’lim, texnologiya va logistikaga oid bir necha loyihalarimni amalga oshirmoqchiman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Manba: xabar.uz