Dasturchi qaysidir dasturlash tili yordamida dasturlar yarata oladigan ijodkor hisoblanadi. Professional dasturchi bo’lib yetishish o’z kasbining eng yuqori darajasiga chiqish, sohani mukammal egallash va kasbiga doir har qanday ishni osonlik bilan bajara olish demakdir. Tajribali va bilimli dasturchi bo’lib yetishish mashaqqatli vazifa bo’lishi bilan birga uzoq vaqt talab qiladigan tizimli o’rganish, mehnat va izlanish yo’lidir. Necha yilda professional darajadagi dasturchi bo’lib yetisha olish masalasi har bir kishining o’ziga bog’liq hisoblanadi.
Professional dasturchi kim?
Dasturlash deganda «Hello world»ni tushunmasligimiz kerak. Qaysidir tilda juda sodda amalni bajarib qo’yib, o’zini dasturchi hisoblash to’g’ri emas. Kishi dasturchi maqomiga ega bo’lishi uchun qaysidir dasturlash tilida eng kamida bitta mukammal jarayonni to’liq avtomatlashtira olgan, amaliy foydasi bo’lgan va xatoliklarsiz ishlay oladigan dastur yarata olishi kerak.
Fikrimga ko’ra, quyidagi xususiyatlarni o’zida mujassamlashtira olgan kishini professional dasturchi, desak bo’ladi:
- Dasturlash tilini mukammal darajada biladi;
- Muammolarga kam kod bilan yechim topa oladi;
- Eng zamonaviy dasturlash uslublaridan foydalanadi;
- Dasturlash va til yangiliklari, trendlaridan xabardor;
- O’z ustida har kuni ishlaydi va zamondan ortda qolmaydi;
- Jamoa bo’lib ishlay oladi va boshqalarga yordami tegadi;
- Faoliyati davomida bir necha o’nlab dasturlar yaratgan;
- Bir vaqtning o’zida bir nechta muammo bilan ishlay oladi;
- Sohasi doirasidagi boshqa dasturlash tillarini oson o’rganadi;
- Har qanday masalani dasturlash orqali hal qiladi oladi.
Dasturchi hech qachon dasturlash yoki dasturlash tilini to’liq bilib olishi mumkin emas. Muammo va o’rganilishi kerak bo’lgan masala har doim topiladi. Shu sababli dasturchi doimiy izlanishda bo’lishga majbur. Dasturchining har bir kuni o’rganish bilan o’tadi.
Necha yilda o’rganish mumkin?
Professional dasturchi bo’lib yetishish uchun yillar talab etiladi. Aynan necha yil talab etilishi, albatta, kishining o’ziga bog’liq. Dasturlash tili sintaksisini o’rganish, qaysidir tilda kod yozishni boshlash ikkinchi darajali ish. Eng muhimi – dasturchidek fikrlash. Dasturchidek muammoning eng optimal yechimini topa olish kishining qachon, yoki qanchalik tez professional dasturchi bo’lib yetisha olishini aniqlab beradi.
«Dasturchilikni 10 yilda o’rganing» nomli mashxur maqola bor. Uni turli tillarga tarjima qilishgan. Vaqti kelib men ham bu maqolani o’zbek tiliga tarjima qila olarman. Aynan shu maqolada mukammal va yetuk dasturchi bo’lib yetishish uchun 10 yil talab etilishi uqtirilgan. Albatta, mantiqiy fikrlashingiz qanchalik yaxshi yoki yomon rivojlanganligi, mantiqiy masalalarga qay darajada yondosha olishingizga qarab siz uchun bu yillar kamroq yoki ko’proq bo’lishi mumkin.
Aslida, dasturchilik doimiy izlanish va o’rganishdan iborat kasb. Shunday ekan, bu kasbga mehr qo’ydingizmi – uning necha yil talab qilishiga e’tibor bermasdan o’rganishni boshlang. Qancha ko’p ishlasangiz, tajribangiz shuncha yuqori darajaga ko’tariladi. Bilimingiz oshgani sari dastur yozish qobiliyatingiz oddiydan murakkabga qarab o’zgaradi.
Siz necha yilda mukammal va yetuk dasturchi bo’lib yetishishingizni faqat o’zingiz hal qilasiz. Hech kim sizga aniq muddatni ayta olmaydi. Hammasi o’zingizga bog’liq. Mehnat qiling, mantiqiy fikrlashni mashq qiling, ko’proq tajriba yig’ishga harakat qiling. Qisqa fursat ichida, o’zingiz xohlagandek, mukammal dasturchi bo’lib yetishasiz!
Manba: azamat.uz