Navoiyda bir maktabning barcha bitiruvchisi talaba bo‘ldi


Navoiy shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati bitiruvchilari OTMga o‘qishga kirishda 100 foizlik natijani qayd etdi: maktabni tamomlagan 60 nafar bitiruvchining barchasi davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.

Navoiy shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati bitiruvchilari 100 foizlik natija bilan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yakunlangan o‘quv yilida maktab-internatini 60 nafar o‘quvchi bitirgan. Ularning barchasi test sinovlaridan yuqori natijalarga erishib, turli davlat oliy ta’lim muassasalari talabasiga aylangan. Bitiruvchilarning 42 nafari davlat granti asosida, 18 nafari esa kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan.

Biz o‘quv yili boshidayoq ushbu marrani ko‘zlagandik va buni uddaladik. O‘quvchilarimning har biri men uchun qahramon”, degan maktab-internati direktori Odil Norov.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilgi test sinovlarida Navoiy shahridan 34 nafar maktab bitiruvchisi 189 ball to‘plab, 100 foizlik natijaga erishgan.