Namangan davlat universitetida tibbiyot fakulteti faoliyatini boshladi


Namangan davlat universitetida yangi tashkil etilgan tibbiyot fakultetining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Joriy o‘quv yilida universitetda bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha davolash ishi va pediatriya yo‘nalishlariga jami 50 ta o‘rin ajratildi va talabalar qabul qilindi. Ularning soni oshirilgan to‘lov-shartnoma asosida o‘qishni xohlaydiganlar hisobiga ortishi ham mumkin.


Tibbiyot fakulteti uchun alohida bino, ma’ruza, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari uchun zamonaviy jihozlangan xonalar ajratildi. Zarur o‘quv-me’yoriy hujjatlar, yangi o‘quv yili yuklamalari shakllantirildi. Universitet axborot-resurs markaziga o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi tibbiyotga oid 3000 ta elektron adabiyotlar olindi.


Talabalarni o‘qitish jarayoni qo‘shni Andijon davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlikda olib boriladi. Ularning amaliyotini yo‘lga qo‘yish, shifoxonalar moddiy-texnik bazasidan foydalanish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan shartnoma imzolandi.



Ma’lumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 18—19-fevral kunlari viloyatga tashrifi davomida Namangan davlat universitetida tibbiyot fakultetini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berilgandi.


Eslatib o‘tamiz, Namangan davlat universitetida 2019-yili Ural tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekiston—Rossiya qo‘shma tibbiyot fakulteti ham tashkil etilgandi.