G‘arbda psixologiyaning shaxsiy tarbiya, vaqtni rejalashtirish, o‘zini o‘zi ruhlantirish kabi yo‘nalishlari alohida fan darajasiga ko‘tarilgan deyish mumkin. Bu mavzularda yozilgan asarlar tezda qo‘lma-qo‘l bo‘ladi, bestsellerga aylanadi. Bu bejiz emas. Bunday kitoblar kishilarga hayotda o‘z o‘rnini topish, muvaffaqiyatga erishishda haqiqatan ham yordam va turtki bergan. Quyida ushbu sohaning taniqli muallifi Jon Maksvellning “Muvaffaqiyatli kishilar qanday fikrlaydi?" kitobidan eng yaxshi maslahatlarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz. J. Maksvell asarlari ellikka yaqin tilga tarjima qilinib, 25 milliondan ortiq nusxada nashr etilgan. 2014 yili Amerika menejment assotsiatsiyasi uni ishbilarmonlik sohasidagi eng yaxshi mutaxassis deb e’lon qildi.
1. Fikrlash sportga o‘xshaydi. Yanada yaxshiroq bo‘lish uchun mashq qilish kerak.
“Fikrlash grafigi"ni tuzing. Haftada, oyda va kunda ma’lum vaqtni o‘ylashga ajrating.
2. Nimaga e’tibor qaratish zarurligini aniqlang va 80/20 qoidasi bo‘yicha harakat qiling.
80 foiz g‘ayratingizni 20 foiz harakatingizgagina sarflang. Shunda asosiy ishni kam vaqt oralig‘ida bajara olasiz. Yodingizda tursin, siz har joyda hoziru nozir bo‘lolmaysiz, har narsani bilib, har narsaga ulgura olmaysiz. Bir paytda ko‘p vazifa bilan shug‘ullanmang. Fikr tarqoqligi, harakatlardagi tartibsizlik sizdagi 40 foiz energiyani olib qo‘yadi.
3. Fikrchan odamlar boshqa xildagi g‘oyalar va odamlar bilan o‘z holatini solishtirib, kerakli xulosalar chiqaradi.
Sizda raqobat va ishga kirishish kaftiyatini uyg‘otadigan odamlar bilan muomala qiling.
4. Nimadir o‘ylab topish bilan ish bitmaydi, uni hayotga tatbiq etish ham zarur.
G‘oyalarning yaroqlilik muddati juda qisqa. Ana shu muddat tugaguncha otni qamchilagan kishi yutadi.
5. G‘oyalar kamol topishi uchun vaqt kerak. Xayolingizga birinchi kelgan fikrga bog‘lanib qolmang.
Ertalab xayolingizga yarq etib kelgan fikr ba’zan kechga borib kulgili tuyuladi. Bu tabiiy hol. Fikr ma’lum bir shaklga kirishi, aniqlik, asoslilik kabi talablarga javob bera olishi kerak.
6. Aqlli odamlar boshqa aqlli odamlar bilan hamkorlik qiladi.
O‘zaro kengashib qilingan ishning natijasi yaxshiroq bo‘lishi amalda ko‘p isbotlangan. Bu zich o‘rmonda eng yaqin yo‘lni topishga o‘xshaydi.
7. Umumga xos xulosalardan qoching.
Ko‘pchilik amalda sinalgan usullarni xush ko‘radi. Chunki o‘zidan oldin kimdir to‘g‘ri yo‘l topganiga umid qiladi. Qolip fikrlashdan kechish qiyin va o‘ng‘aysiz. Shunday paytlari dunyoda juda ko‘p odamlar o‘ziga xos fikrlash yo‘lini tanlagani va shu sababli muvaffaqiyatga erishganini o‘ylang.
8. Aqlli kishilar hamma narsaga oldindan tayyorgarlik ko‘radi.
Rejalashtirish va shu reja bo‘yicha ishlash xato qilish xavfini kamaytiradi.
9. Boshqacha fikrlash uchun boshqacha yashash kerak.
Hatto ishga ham bir xil yo‘ldan kelavermang, boshqa-boshqa yo‘nalishlar toping. Yangi odamlar bilan tanishing, yangi kitoblar o‘qing. Chunki yangi g‘oyalar yashash tarzi bilan chambarchas bog‘liq.
10. Boshqa g‘oyalarni munosib baholash uchun ularni qadrlay bilishingiz kerak.
Siz hamisha ham haq bo‘lavermaysiz. Boshqa qarashlarga ham e’tibor bering, boshqalardan o‘rganing.
11. Sizda harakatlar rejasi bo‘lishi kerak.
Ko‘pchilik ish kuni uchun reja tuzadi. Aqlli kishilar hafta, oy va uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalarga ega bo‘ladi va ularga og‘ishmay amal qiladi.
12. O‘z hayotini tahlil etish aniq va asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi.
Agar o‘y-fikr, hissiyot va harakatlaringiz haqida kerakli xulosalar chiqara olmasangiz, ko‘p borada ortda qolasiz.
13. Inkor ma’nosida so‘zlamang.
“Men bajara olaman", “qo‘limdan keladi" singari qat’iy xulosalar muvaffaqiyatga yetaklaydi.
14. Ijodkor kishilar o‘zlarini g‘oyalariga bag‘ishlaydilar.
Ular muvaffaqiyatsizlikdan cho‘chimaydi, yangi marralar sari olg‘a intiladi.
15. Ijobiy fikrlashda gap ko‘p.
Ijobiy fikrlaydigan kishilar qiyinchilikda ham imkoniyat ko‘radi. Shu sababli ularga ko‘proq ishonishadi.
Manba: Orifjon Madvaliyev