O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-musiqa akademik litseyi tashkil etiladi. Prezidentning bu haqdagi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi, deb yozmoqda kun.uz.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi negizida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-musiqa akademik litseyini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Harbiy-musiqa akademik litseyining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus ta'limning davlat ta'lim standartlari talablariga muvofiq sifatli o‘qitishni tashkil etish;
Vatanga sadoqat, o‘z xalqining ma'naviy va tarixiy qadriyatlariga sodiqlik ruhida tarbiyalangan yoshlarni tayyorlash;
umumiy musiqa bo‘yicha bilimlarning boshlang‘ich asoslarini o‘rgatish hamda damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi yo‘nalishida yetuk kadrlarni tayyorlash;
respublika va xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalar qo‘llanilishini ta'minlash;
o‘quvchilarning ma'naviy va estetik rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda o‘quvchilarning iste'dodini va madaniy saviyasini har tomonlama yuksaltirish;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy orkestrlari uchun malakali kadrlar rezervini shakllantirish;
milliy va jahon musiqasining yuksak namunalaridan va o‘zbek xalqining mumtoz musiqa merosi durdonalaridan o‘quvchilarning bahramand bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratish.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) Harbiy-musiqa akademik litseyida:
musiqa ta'limi va o‘quv jarayonining uzluksizligini ta'minlash maqsadida istisno tariqasida, mavjud umumiy o‘rta ta'lim sinflari saqlab qolinadi;
o‘qitish umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus ta'limning davlat ta'lim standartlarining o‘quv rejalari va dasturlari asosida “Damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi" ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladi va “orkestr artisti" kvalifikatsiyasi beriladi;
b) akademik litsey faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, moliyalashtirish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
v) o‘quv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga metodik yordam ko‘rsatish, darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar, multimedia ilovalari, sinf jurnallari, o‘quvchilarni reyting daftarchalari va boshqa hujjatlar bilan ta'minlash, shuningdek, pedagog kadrlar malakasini oshirishni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligi tomonidan o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi;
g) Harbiy-musiqa akademik litseyining 3 birlik ishchi va xizmatchi lavozimlari ofitserlik lavozimlariga o‘zgartiriladi;
d) Harbiy-musiqa akademik litseyi ishchi va xizmatchilari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari (mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasi bo‘yicha lavozim maoshlari) 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
direktor va uning o‘rinbosarlari, umumiy va o‘rta maxsus ta'limi o‘qituvchilari, konsertmeysterlari, o‘quv va ma'naviyat bo‘limi xodimlari, orkestr dirijyorlari uchun – 5 barobar;
to‘garak (seksiya) rahbari va psixologlar uchun – 3 barobar;
axborot-resurs markazi (kutubxona), axborot texnologiya bo‘linmasi, buxgalteriya xodimlari, yoshlar ittifoqi yetakchisi, tarbiyachi, yordamchi tarbiyachi va laborantlar uchun – 2 barobar miqdorda oshiriladi;
ye) 2020 yil 1 yanvardan boshlab Harbiy-musiqa akademik litseyida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning pul ta'minotiga ularning lavozim maoshining 50 foiziga teng miqdorida har oylik ustama to‘lanadi;
j) Harbiy-musiqa akademik litseyining ishchi va xizmatchilariga O‘zbekiston Respublikasida mavjud akademik litseylarning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shartlari qo‘llaniladi hamda ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va imtiyozlardan foydalanadi;
z) Harbiy-musiqa akademik litseyi bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi (shu jumladan ijodiy imtihonlar) miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi;
i) Harbiy-musiqa akademik litseyi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.