Men buni “bilaman”! - til o’rganishda yo’l qo’yiladigan katta xato.


Ingliz tilini o’rganishni boshlagan paytimdagi birinchi qo’shimcha dars esimda. Birinchi darsda bizga ustozim, Abdulla Umixanov, “To be" mavzusini tushuntirishni boshlagan. Tabiiyki, guruhdagi ko’pchilikning bundan ensasi qotgan. Chunki ko’pchiligimizga bu mavzu tanish edi. Ya’ni, biz bu mavzuni “bilar" edik. Ustozim ham buni sezib bizga qarab shunday degan:

“Bilaman, ko’pchiligingiz “Obbo, yana shu “To be"ni o’tamizmi?! Bu mavzuni bilamizku, boshqa narsa o’tsak bo’lmasmikun?!" deb o’ylayabsizlar. Lekin “bilish" bu biror narsani o’rganishning eng birinchi bosqichi, ya’ni piramidaning eng tagi" deb, doskaga mana bu rasmni chizgan:


“Sizlarning “bilaman" deganingiz bu hali endi boshlang’ich payt. Sizlar faqat “am, is, are" nima ekanligini bilasizlar. Lekin, testda shu mavzuda xato qilmasligingizga ishonasizlarmi? Yoki gapirayotganda, o’ylanmasdan shu 3 tasidan birini tanlay olasizlarmi? Bular “tushunish" bilan “ishlata olish" bosqichlari. Ho’p, endi kim “To be" mavzusini bilaman desa qo’l ko’tarsin" deb ustozim o’z gapini tugatdi. Tabiiyki, hamma jim va biz boshida nazarimizga ilmagan mavzumizni astoydil o’rganishga kirishganmiz.

O’sha kuni men o’zim uchun darsdan katta saboq olganman “Biror narsani bilaman deb nazarga ilmaslik, bu shu narsani hech qachon to’liq o’rganmaslikka va uni ishlata olmaslikka eng asosiy sababchi bo’lar ekan".

Qisqa hikoyam ham yaxshigina cho’zilib ketdi. Endi asosiy qismga o’tamiz. Men bugun sizlarga til o’rganishdagi, aniqrog’i so’z boyligini oshirishdagi ba’zi bir xatolar haqida va ularga o’zim to’g’ri deb bilgan maqbul yechimlar haqida aytib bermoqchiman.

Undan oldin esa sizlarga Passiv va Aktiv so’z boyligi nima ekanligi haqida ozgina tushuntirib o’tsam. Busiz mening gaplarimni yaxshi tushunmasligingiz mumkin.

Passiv va Aktiv so’z boyligi nima?

Inson biladigan har qanday tildagi (o’z ona tilida ham, horijiy tilda ham) so’z boyligi ikki turga bo’linadi: passiv va aktiv.

Passiv so’z boyligi — bu biror tildagi siz ma’nosini biladigan, lekin amalda (so’zlashishda va yozishda) kam qo’llaydigan yoki umuman qo’llay olmaydigan so’zlaringiz. 

Aktiv so’z boyligi esa — bu shu tildagi siz kundalik hayotda (so’zlashishda) va yozishda bemalol qo’llay oladigan so’zlaringiz.

Qisqa qilib aytadigan bo’lsak, passiv so’zlar — bu o’qish va eshitishda (reading and listening) tushuna oladigan so’zlaringiz bo’lsa, aktiv so’zlar yozish va so’zlashishdagi (writing and speaking) so’z boyligingizdir.

Har doim aktiv so’z boyligi passiv so’z boyligining bir qismi bo’ladi. Huddi quyidagi rasmda tasvirlangandek:


Yuqorida aytganimdek bu narsa, hatto, odamning o’z ona tilisiga ham tegishli. O’rganilgan horijiy tildan yagona farq odamning o’z ona tilidagi aktiv so’z boyligi bilan passiv so’z boyiligining orasidagi farq minimal holatda bo’ladi. Yuqoridagi va pastdagi rasmlar kabi deb tasavvur qilishingiz mumkin:


Passiv va aktiv so’z boyligi orasida doimo farq bo’lishi bu tabiiy holat. Lekin horijiy tilni bilish darajangiz qanchalik ko’p so’z bilishingiz bilan emas, balki aynan passiv va aktiv so’z boyligingiz orasidagi farqni qay darajada minimallashtira olganingizga qarab belgilanadi!

Horijiy tildagi kino ko’rgan bilan u tilda gapirib qolmaysiz!

Yuqoridagi gapimdan keyin menga e’tirozlar bilan hujum qilishdan oldin, iltimos, maqolani oxirigacha o’qib chiqing.

Juda ko’p holatlarda til o’rganayotgan odamlar faqatgina passiv so’z boyligini oshirishga e’tibor qaratadi. Buni atayin qilishmasa ham, ular qo’llaydigan “an’anaviy" usullarning ko’pchiligi shunga xizmat qiladi. Natijada esa, yillab biror tilni o’rgangan bilan uni qo’llashda doimo ikkilanish va to’xtalish kuzatiladi. Hozir shu usullar va ularning ba’zi salbiy jihatlari haqida gapirib o’tmoqchiman.

1. Birinchi navbatda, biz so’z yodlash uchun tutadigan “an’anaviy" lug’at daftarlarga e’tibor bering


Tillarga emas, daftardagi usulga e’tibor qarating: faqat so’z — uning tarjimasi. Bu deyarli hammamiz ishlatadigan usul (shu qatori qachonlardir men ham). So’zni yozib, uning yoniga tarjimasini yozib, shu bilan uni yodlab yuraveramiz. Bu usulning bir nechta salbiy taraflari bor:

  1. Birinchidan, bunda siz bitta so’zni bir necha marta yodlashingizga to’g’ri kelishi mumkin. Sababi sizga so’zni ko’rganingizda uni esga soluvchi faqat bir narsa — uning tarjimasi bor xolos. Agar siz so’z tarjimasini eslay olmasangiz, butunlay so’z haqida ma’lumot yo’q degani. Vaqt o’tishi bilan esa bu bittayu-bitta ko’rsatkichning ham esdan chiqish ehtimoli yuqori.
  2. Ikkinchidan, bu usul sizni maqolam boshida aytib o’tgan “bilaman" deb ataluvchi boshi berk ko’chaga olib kirib qo’yadi. Ya’ni siz biror so’zni yodlaysiz, uni ko’rganda ma’nosini ham eslay olasiz, lekin ishlata olmaysiz, yoki xato ishlatasiz. Bundan ham yomoni siz o’sha so’zni qaytarib chiqishni istamaysiz. Bu so’zni ko’rganingizda miyangizda “Bu so’zni bilamanku" degan hayol sizni to’xtatib qolaveradi. Oxir oqibat yakuniy natija yaxshilanmay qolaveradi.
  3. Bu usuldagi uchinchi muammoni misol bilan tushuntiraman. Ingliz tilida tish so’zining tarjimasini bilasizmi? Ha to’g’ri tooth. Olmoq so’ziningchi? Ha topdingiz, take. Xo’sh endi savol: tish oldirmoq ingliz tilida qanday bo’lishini bilasizmi? Take tooth? Get tooth? Yoki sal grammatik jihatdan to’g’irlab Get a tooth taken mi? Aslida tish oldirmoq ingliz tilida have a tooth out bo’ladi. Menimcha muammoni tushundingiz. Siz yuqoridagi holatda horijiy tildagi so’zlarni individual holatda o’rganasiz. Lekin, so’zlar tilda hech qachon yolg’iz ishlatilmaydi.

2. Horijiy tilda kino ko’rish yoki musiqa eshitish 

Bu narsalarni foydasiz deyishdan yiroqman. Bular sizning eshitib tushunish, talaffuz qobiliyatlaringizni shubhasiz oshiradi. Lekin, bular ham, asosan, sizning passiv so’z boyligingiz oshishiga xizmat qiladi. Endigina til o’rganishni boshlagan, hali bazaviy so’z boyligi ham kam bo’lgan odamga esa bu narsalardan oladigan foydasi juda ham kam bo’ladi. Har holda bu darajadagi o’rganuvchilar alohida o’tirib kino ko’rish uchun sarflangan 2 soatni foydaliroq va samaraliroq usullarga sarflashlari mumkin.

Yaxshi “an’anaviy" usullar va ulardagi muammolarni bilib oldik. Endi men sizlarga til o’rganishda o’z tajribamdan kelib chiqqan tavsiyalarimni bermoqchiman.

O’zi aslida nima qilish kerak

Maqola uzun bo’lib ketgani uchun Medium meni yozishga qo’ymayapti. Shuning uchun 2–qismda ko’rishamiz ))

Ungacha maqolani boshqalar bilan ulashib, telegram blogimga ularni ham a’zo bo’lishga majburlab turinglar :-)

Telegram kanalim: https://t.me/qudratxoja_musayev

YouTube kanalim: https://www.youtube.com/channel/UCCvxS_ZtCf67_bQd6Q_qEaw