Yangi o‘quv yili boshlanib, O‘zbekiston OTM talabalari safiga kira olmagan ko‘pchilik abituriyentlar chet elga, asosan, qo‘shni davlatlarda oliy ta'lim olish istagida ketishgan.
Asosiy murojaatlar qo‘shni davlatlar OTMlarini tugatgan talabgorlardan kelib tushmoqda
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning 8 oyi statistikalari bo‘yicha, xorijiy ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun eng ko‘p murojaatlar Qirg‘iziston Respublikasi ta'limini tugatganlardan (45,7 foiz) kelib tushmoqda. Ikkinchi o‘rinni esa Tojikiston (16,7 foiz), so‘ng Rossiya (14,3 foiz), Qozog‘iston (10,6 foiz) egallagan.
Bu statistika nafaqat oliy ta'limni tugatganlarga aloqador, balki maktab, kollej-litseyni tugatganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning tan olinishini ham o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, xorijiy ta'limni tan olish to‘g‘risidagi hujjatlarning talabgorlarini eng ko‘p pedagoglar tashkil qilmoqda (1216ta), muhandislik, ishlov berish, qurilish, sog‘liqni saqlash, huquqshunoslik yo‘nalishini bitirganlar ham ko‘p.
«O‘zimizda kirish imtihonlaridan o‘tishim qiyin edi»
«O‘tgan yili Olmaotadagi xususiy universitetlardan birining kunduzgi bo‘limiga kirish imtihonlarisiz o‘qishga kirgan edim. O‘zbekistonda kirish imtihonlaridan o‘tish men uchun qiyinlik qilishini o‘ylab, nodavlat bo‘lishiga qaramasdan o‘sha universitetni tanladim. Biroq bu OTMning diplomi bizda to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinmaydi. Shuning uchun Qarag‘anda davlat texnika universitetiga o‘qishimni ko‘chirganman. Bu universitet top mingtalikka kiritilgan», deydi talabalardan biri Bo‘riboy Jumaqulov.
Uning ma'lumot berishicha, o‘zi tahsil olayotgan universitet shartnoma puli 7 million (300 ming tenge) bo‘lib, shartnoma asosida o‘qiyotganlarga stipendiya berilmaydi. Bir talabaning xarajati esa tejab-tergab ishlatganda oyiga 100 dollarni tashkil qilishi mumkin.
«Oliy ma'lumot olish xohishini to‘g‘ri qabul qilish kerak»
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurahim Nosirov nega oliy ma'lumot olishni xohlovchi yoshlarning asosiy qismi xorijning nufuzli universtitetlarini emas, balki qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston OTMlarini tanlayotgani borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Oliy ta'lim O‘zbekiston Respublikasi hududida amaldagi qonunchilik doirasida bakalavr – kunduzgi 4 yil, sirtqi ta'lim – 5 yil, shuningdek, kechki ta'lim shaklida olib boriladi.
Joriy yil 1 milliondan ortiq talabgor oliy ta'lim muassasasalariga hujjat topshirdi. Garchi islohotlar natijasida keyingi yillarda qabul kvotalari 9 foizdan 12-13 foizga oshgan bo‘lishiga qaramay umumiy ehtiyojni qondirish uchun bu qamrov hali kam.
Biroq bu natijaga erishish uchun ancha salmoqli ishlar amalga oshirildi: 30ga yaqin xorijiy universitetlar, ularning filiallari, qo‘shma fakultetlar ochilib, qabul jarayonlari ham boshlandi. Lekin qamrov foizi hanuz pastligicha qolmoqda», deydi Abdurahim Nosirov.
Uning ta'kidlashicha, OTMlar sonini birdan ko‘paytirishning ham iloji yo‘q. Talabalarga o‘qish sharoitini yaratib berish uchun moddiy-texnik baza va binolar to‘liq tayyor emasligi birinchi sabab bo‘lsa, ikkinchi muammo kadrlar masalasiga borib taqaladi.
«Lekin har bir ota-ona farzandining oliy ma'lumotli bo‘lishini xohlaydi. O‘z davlatida oliy ma'lumot olish cheklangan paytda xorijiy davlatlardan imkoniyat izlash esa tabiiy hol. Bu ota-onaning va abituriyentning xohishi ekanligini tushunish kerak.
Biz esa ularga o‘rnatilgan tartibda qonuniy yo‘llarni taklif qilsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunga ko‘ra, abituriyentlar chetga ta'lim olish uchun borib, adashib qolmasliklari uchun mumkin qadar ma'lumot berishga harakat qilyapmiz», deydi bosh boshqarma boshlig‘i.
Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi mumkin
2019 yil 24 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida»gi nizomiga binoan, ma'lum tartibda o‘qiganlarning hujjatlari sinovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.
Bular:
- xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish ta'limi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta'lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta'lim muassasalarida ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan ro‘yxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy ta'lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining yo‘llanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
- Oliy ta'limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) to‘laqonli a'zolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarida ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
- Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarida ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
- xorijiy oliy ta'lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar.
«Endi faqat bir bosqichli test sinovlarini topshirish hujjatni tan olish uchun kifoya»
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdurahim Nosirovning ma'lumot berishicha, Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida»gi nizomi joriy yil qator xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rganish va moslashtirish asosida yangilangan.
Hujjatning asosiy yangiligi «nostrifikatsiya» atamasidan voz kechilgani bilan izohlanmoqda. Lissabon konvensiyasi va Tokio konvensiyalariga ko‘ra, xalqaro doiralarda bu atamalardan oldinroq voz kechilgan. Shuning uchun O‘zbekistonda ham «nostrifikatsiya» atamasining o‘rniga «xorijiy davlatlarning diplomlarini tan olish» so‘zi muqobil variant sifatida qabul qilindi.
«Bundan tashqari, hujjatda boshqa yangiliklar ham bor. Oldin diplomi tan olinishi uchun murojat qilgan fuqaro 2 bosqichda: O‘zbekiston tarixi fanidan test topshiriqlarini bajarish va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha suhbatdan o‘tish bilan sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, yuqoridagi nizom bilan bu holat soddalashtirildi. Yangi tartib bo‘yicha endi faqatgina bir bosqichda mutaxassislik fanlaridan test imtihonlari topshirilyapti», deya asosiy yangiliklarni izohlab berdi Abdurahim Nosirov.
«Amaldagi ta'lim tizimimizga muvofiq kelmaydigan shaklda ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari tan olinmaydi»
Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, amaldagi ta'lim tizimimizga mos ravishda ta'lim olgan talabgorlarning diplomlari tan olinishi muammasiz hal etiladi. Bunda kunduzgi bakalavr ta'lim shakli - 4 yil, sirtqi shaklda bakalavr - 5 yil, magistratura ta'limi - 2 yil bo‘lishi lozim.
Hozirgi kunda masofaviy ta'lim shakli bo‘lmagani uchun xorijiy davlatda bu ko‘rinishda olingan ta'lim O‘zbekistonda tan olinmaydi.
«Bugun juda ko‘p xorijiy davlatlar bizda masofaviy ta'limni targ‘ib qilmoqda. Kirish imtihonlarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri talaba bo‘lish va uyda o‘tirib oliy ta'limni tugallash imkoniyati ko‘pchilikning e'tiborini tortmoqda. Bunga ishonganlar ma'lum miqdordagi pul mablag‘ini to‘lab, konsalting-kompaniyalari orqali 3-4 yil muddatda ta'limni tugatdik deb yurishadi. Lekin kelgandan so‘ng turli tushunmovchiliklarga duch kelishmoqda.
Tasavvur qiling, bu tarzda olingan ta'limning sifati qanaqa bo‘ladi? Shuning uchun biz odamlarga imkon qadar xorijda kunduzgi shaklda ta'lim olishni maslahat beramiz.
Bundan tashqari, juda ko‘p davlatlar 3 yillik sirtqi ta'limni taklif qilmoqda. «Bir yilda 2 marta kelib-ketib oliy ma'lumot egasi bo‘lasan», degan takliflarga uchayotganlar ko‘p. Lekin bizdagi tartib bo‘yicha oliy ma'lumot olish uchun kamida 4 yil o‘qish zarur.
Yaqinda texnikum ta'limini tugatganlarga 2 bosqichdan o‘qishni davom ettirish imkoniyati berilishi to‘g‘risida yangilik e'lon qilindi. Lekin bu o‘quv yilidan ushbu o‘zgarish ta'lim tizimiga joriy etilayotgani yo‘q», deya turli tushunmovchiliklarga izoh berdi Abdurahim Nosirov.
«Tahlillar xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning tan olinishi uchun murojaat qilgan talabgorlarning bilim darajasi yuqori emasligini ko‘rsatmoqda»
2018 yil avgust holatiga ko‘ra, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarining tan olinishi uchun jami 1 ming 481ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ularning 543tasi tan olingan.
2019 yilning xuddi shu davriga qadar esa qabul qilingan 4261ta arizaning 1984tasi tan olingan bo‘lsa, 246tasi rad etilgan, 724tasi jarayonda.
Hujjatni tan olish uchun imtihon topshirish imkoni chegaralanmagan. Ya'ni bir martada imtihonni topshira olmagan talabgor yana qayta test topirig‘ini bajarish uchun murojaat qilishi mumkin.
«Hozir yangi nizom asosida boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha ilk bora bir bosqichli imtihon topshirish jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Bunda mutaxassislik bo‘yicha 50ta test 100 daqiqa ichida ishlanishi lozim bo‘lib, 54 va undan kam ball to‘plaganlarga tan olinganlik sertifikati berilmaydi.
Agar talabgor topshiriqning 55 foizini bajarsa ham, davlatga xizmat qila oladigan va mehnat bozorida sifatli kadr deb tan olinishi mumkin.
Lekin hozir o‘tayotgan test jarayonlarini kuzatish orqali aytish mumkinki, talabgorlarning ta'lim olganlik darajasi unchalik yaxshi emas. Bugun men kuzatgan bir guruh test topshiruvchining 10 foizga yaqini test topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajardi, xolos», deydi Abdurahim Nosirov.
Uning ta'kidlashicha, ayni paytda hujjatni tan olish uchun test topshirayotganlar orasida imtihondan o‘tayotganlarga qaraganda uni topshira olmayotganlari ko‘proq. Talabgor o‘qishni muntazam darslarga qatnashib tamomlaganmi yoki faqat diplom uchun o‘qiganmi, buni tahlillar ko‘rsatib bermoqda. Biroq belgilangan foizga erisha olmasa-da, shunga yaqin ball olayotganlar ham bor. Ulardan o‘z ustida ko‘proq ishlash talab qilinadi.
Bundan tashqari, amaldagi tartibga ko‘ra, agar talabgor ikkinchi marta test topshirig‘ini bajarishni xohlasa, unda Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qaytadan registratsiyadan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Qayta murojaat qiluvchilardan to‘lov miqdori ham kamaytirilgan tartibda olinadi (Yangi nizom bo‘yicha birinchi murojaat uchun EKIH 3 baravarida, qayta murojaat uchun EKIHning 2 baravarida).
Qayd etish joizki, huquq, tarix kabi yo‘nalishlarning hamma yerda o‘ziga xos xususiyatlari bor. Chunki hech qayerda O‘zbekiston tarixi alohida o‘rgatilmaydi. Shuning uchun bu yo‘nalishlar bo‘yicha ta'lim hujjati tan olinishi uchun murojaat qilgan talabgorlar xalqaro huquq, jahon tarixidan tashqari, bu yo‘nalishlarga oid farqli jihatlarni (O‘zbekiston qonunchiligi, O‘zbekiston tarixi) o‘rganish talab etiladi.
«Xorijda ta'lim olish uchun OTM tanlashdan oldin akkreditatsiya hujjatini tekishirib ko‘rish lozim»
«Xorijda ta'lim olishga ketishdan oldin adashmaslik uchun biz hammaga oliy ta'lim muassasasining akkreditatsiyalangani to‘g‘risidagi hujjatining amal qilish muddatini tekshirishni maslahat beramiz.
Masalan, Rossiya Federatsiyasi yaqin yillarda 1 yarim mingdan ortiq OTMlarining juda katta qismini yopdi. Bunda davlat, asosan, akkreditatsiyadan o‘tkazilmagan yoki akkreditatsiyaning amal qilish muddati o‘tgan OTMlarga e'tibor qaratgan. Akkreditatsiya qilinmagan OTMlar esa diplom berish huquqiga ega emas.
Lekin shunga o‘xshash OTMlar bizga kelib, o‘z muassasasini reklama qilish bilan shug‘ullanmoqda. Garchi o‘quv yili boshlanib ketgan bo‘lsa-da, oktabr noyabr va hatto dekabrdan ta'lim berishni boshlaymiz, deb ishontiruvchilar ham talaygina. Bu kabi ishonchsiz universitetlardan ehtiyot bo‘lish zarur», deydi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘istonda ham top mingtalikka kirgan Muxtor Avezov nomidagi Qozog‘iston davlat universiteti, Al-Farobiy nomidagi qozoq milliy universtiteti kabi bir qancha OTMlar mavjud.
Lekin yana bir narsani inobatga olish zarurki, bu kabi universitetlar tomonidan olingan masofaviy ta'lim yoki 3 yillik sitrqi ta'lim shakli ham O‘zbekistonda bu ta'lim shakli yo‘qligi uchun qabul qilinmaydi.
«O‘tgan yili Qozog‘istonga ta'lim olish uchun ketib, xuddi shu muammolarga duch kelayotganlar ham ko‘p bo‘lgan. Biz bu borada Qozog‘iston davlatidan kelgan mas'ullar bilan ma'lum ma'noda muhokamalar olib borganmiz. Ular o‘z qonunchilik hujjatlarining ko‘p jihatlarini bizga moslashtirish harakatida», deydi Abdurahim Nosirov.
Akkreditatsiya muddati tugagan OTMlarda aldanganlar ham bor
Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi mutasaddisining ma'lumotiga ko‘ra, tashkilotga o‘tgan o‘quv yilida konsalting-kompaniyalari tomonidan targ‘ib qilingan universitetlarda ta'lim olish uchun ketib aldangan yoshlardan murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatga ko‘ra, Muxtor Avezov nomidagi Qozog‘iston davlat universiteti binosi suratlari tarqatilib, yoshlarni butunlay boshqa binoga o‘qish uchun olib borishgan. Bir yil davomida na talabalik guvohnomasi, na reyting daftarchasi olmasdan o‘qigan yoshlar keyinroq o‘zlarining Muxtor Avezov nomidagi Qozog‘iston davlat universitetida emas, soxta OTMda tahsil olayotganlarini tushunib yetgan.
«Bu kabi holatlar nafaqat Qozog‘istonda, balki boshqa turli davlatlarda ham sodir bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ota-onalar aldanib qolmaslik uchun ta'lim muassasasining akkreditatsiyadan o‘tgan-o‘tmagani, muddati tugamagani, akkreditatsiyalanishi kim tomonidan amalga oshirilgan davlat yoki nodavlat bo‘lsa ham, ENQA (European National for Quality Assurance in Higher Education) kabi tan olingan tashkilotlar tomonidan qilinganini tekshirishi lozim. Bundan tashqari, ta'limning davriyligi va shakli haqida ham e'tiborli bo‘lish zarur», deya qayta-qayta ta'kidladi Abdurahim Nosirov.
Oliy ta'lim olish - zamon talabi. Talabga javob beradigan va ishonchli OTMni tanlash esa har kimning o‘ziga bog‘liq. Bu borada turli soxta OTMlar qurboniga aylanmaslik uchun to‘g‘ri tanlov qila olish kerak, xolos.
Zilola G‘aybullayeva