Markaziy Osiyodagi yagona Yaponiya tadqiqotlari tahlil markazi ish boshladi


Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan Yaponiya tadqiqotlari tahlil markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mutasaddilari, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakolatxonasi, «O‘zbekiston-Yaponiya» do‘stlik jamiyati vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari jamoasi, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Marosimda ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 8 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi  Farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgan ushbu markaz faoliyatining asosiy vazifasi O‘zbekiston-Yaponiya aloqalarini barcha sohalarda chuqur tahlil qilishga qaratilgani bilan ham g‘oyatda ahamiyatlidir.

2002 yilda davlatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlari siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, innovatsiya va sayyohlik yo‘nalishlari qatori fan-ta’lim hamda innovatsiya sohalarida ham jadal rivojlanib bormoqda.

Jumladan, Toshkent davlat yuridik universitetida Nagoya universiteti hamkorligida ochilgan Yapon huquqini tadqiq etish markazi, Toshkent davlat texnika universiteti qoshida O‘zbekiston-Yaponiya yoshlari innovatsion markazi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Yaoniya ko‘magida tashkil etilgan O‘quv media-markazi, Toshkent davlat Sharqshunoslik institutida Yaponshunoslik fakulteti ish boshlagani, O‘zbekiston va Yaponiya rektorlari konferensiyasi mexanizmi buning yaqqol dalilidir.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng besh mingdan ziyod o‘zbek yoshlari Yaponiyaning turli universitetlarida tahsil olib, o‘z bilim va tajribalarini Ona Vatanimiz ravnaqi va farovonligi uchun safarbar etib kelmoqda.

Bu jarayonlarda faol ishtirok etib kelayotgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yaponiyaning nufuzli oliy ta’lim muassassalari bilan talabalar almashuvi dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, Yaponiyadan kelgan taniqli mutaxassislar 60dan ortiq talabalarga yapon tili saboqlarini berib kelmoqda.

Ushbu ijobiy ishlarning mantiqiy davomi bugun Yaponiya tadqiqotlari tahlil markazi faoliyat boshladi. Bu yerda yuqori malakali mutaxassislar, ilmiy xodimlar, ekspertlar guruhi va tahlil doiralari Yaponiya davlati va jamiyatini keng qamrovli va kompleks tarzda o‘rganadi. Shuningdek, ushbu mamlakatda ro‘y berayotgan muhim siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, va madaniy jarayonlar bo‘yicha fundamental ilmiy izlanishlar olib borish, Yaponiyaning xalqaro maydondagi tashabbuslari, davlatlararo munosabatlari, tashqi siyosat konsepsiyalari va amaliy sa’y-harakatlari, muammo va yechimlari tadqiq etiladi.

Bundan tashqari, Kunchiqar yurtning boy tarixi, qadimiy dini, yapon xalqining ko‘p asrlardan buyon bezavol saqlanib kelayotgan madaniy va ma’naviy merosi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarini chuqur o‘rganilib, mamlakatni modernizatsiya qilishning o‘ziga xos tajribasini puxta o‘zlashtiriladi.

Taqdir taqozosi bilan urushdan keyingi yillarda yurtimizga kelib qolgan 23 mingdan ziyod yaponlar bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar, mustaqillikdan keyin olib borilayotgan ikki tomonlama, munosabatlar tarixi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama aloqalar ham izlanishlarning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Universitetda tashqi siyosat va iqtisodiyot sohasida yaponiyalik eng ko‘zga ko‘ringan olimlar va ekspertlarni, tajribali diplomatlarning ma’ruzalarini tashkil etishga markaz har jihatdan ko‘maklashadi.

Akademik almashuvlar, qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish natijasida to‘plangan eng ilg‘or bilim va ko‘nikmalarga asoslangan ilmiy tamoyillardan O‘zbekistondagi tashqi siyosiy va iqtisodiy sohalardagi ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorlikni oshirish, yangi kurslar va dasturlarni amaliyotga tatbiq etishda, turli qo‘llanma va risolalar chop etishdan samarali foydalaniladi.

Bu kabi zamonaviy tahlil markazining ochilishi universitetning ilmiy salohiyati va imkoniyatlarini, yoshlarlarga dars berish sifat-darajasini har tomonlama yuksaltirib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini 2030 yilgacha xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) reytinglarida munosib o‘rin olishi uchun yaxshi shart-sharoitlari yaratishi shubhasiz.

Manba: xabar.uz