Mandatdan so‘ng – talaba bo‘lgan va bo‘lmaganlarni qiziqtirayotgan eng muhim savollarga javoblar


Ayni paytda talaba bo‘lgan abituriyentlarda “Yotoqxonaga qanday joylashamiz?" ,“Boshqa yo‘nalishga super-kontrakt qilsam bo‘ladimi?", talaba bo‘lolmaganlarda esa “super-kontrakt narxi qancha bo‘larkin?" degan savollar paydo bo‘lyapti. Shu kabi savollarga javoblarni to‘plandi.

OTM bilan bog‘lanish zarur

Talabalikka qabul qilinganlar eng avval o‘zlari topshirgan OTM rasmiy sahifalarini topib kuzatib borishlari – eng to‘g‘ri variant. Har bir OTMga oid eng so‘nggi yangiliklar ularning rasmiy sahifalarida berib boriladi.

Bundan tashqari, super-kontrakt asosida talaba bo‘lishni rejalashtirayotgan abituriyentlar uchun ham OTMga oid yangiliklarni kuzatib borish foydali.

1-kurslar yotoqxonaga qanday joylashadi?

Talabalikka qabul qilinganlar eng birinchi navbatda o‘qish boshlanishidan oldin turar joy topish haqida bosh qotiradi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yaqin orada 1-kurs talabalaridan yotoqxona uchun onlayn arizalar olish boshlandi.

Talabalar davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joyiga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron ariza yuborishlari mumkin.

Agar talabaning arizasi qanoatlantirilmay yotoqxonaga joylasha olmasa ham, unga ijara pullari qoplab beriladi. 1-kurslar uchun shartnoma bo‘lmasa ham, sentabr-oktyabr oylarining ijara pullari to‘lab beriladi.

Bunda Toshkent shahrida o‘qiyotgan talabalar uchun oyiga 330 ming so‘m, viloyatlarda o‘qiyotgan talabalar uchun 165 ming so‘mdan to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, har bir OTMda talabalarga ijara topish va yotoqxonaga joylashishga yordam beradigan maxsus markazlar ish boshlagan.

Super-kontrakt masalasi qanday?

Agar abituriyentning balli qabul kvotasidagi ballga juda kam yetmay qolgan bo‘lsa, kamroq, aksincha, ko‘p yetmagan bo‘lsa, ko‘proq pul to‘laydi.

Amaldagi qonunga ko‘ra, to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga:

  • 1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
  • 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;
  • 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
  • 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar miqdorida to‘lov qilib o‘qishi mumkin.

Minimal balldan (bu yil 56,7 ball) kam to‘plamagan, lekin qabul kvotasiga 4,05 balldan ortiq yetmagan abituriyentlar uchun yo‘nalishlariga qarab super-kontrakt miqdori bazaviy kontraktning bir necha barobari ko‘rinishida belgilanadi.  

Masalan, o‘tgan 2022 yilgi miqdorda pedagogika yo‘nalishi uchun belgilangan kontraktning 8 baravari 10 foizlik chegirma bilan (46,1 mln so‘m), yurisprudensiya yo‘nalishiga esa bazaviy kontraktning 25 baravari (220,7 mln so‘m) etib belgilangan.      

Ya’ni agar abituriyent 56,7 balldan ko‘p to‘plagan, biroq o‘tish balliga 4,05 balldan ko‘proq yetmay qolgan bo‘lsa, unda shunaqa miqdordagi pulni to‘lab talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan.  

Agar abituriyent minimal ballni ham to‘play olmagan bo‘lsa, unda unga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan eng yuqori kontrakt miqdorining 2 baravarini to‘lab talaba bo‘lish huquqi beriladi. Masalan, yurisprudensiya yo‘nalishiga super-kontrakt miqdori 220,7 mln so‘m etib belgilangan bo‘lsa, minimal balldan kam to‘plaganlar shuning ikki baravarini to‘lab o‘qish imkonidan foydalanishi mumkin.  

Biroq hali bu yil uchun kontrakt miqdori, tabaqalashtirilgan kontrakt miqdorlari e’lon qilinmadi. Bu savol bilan qiziqayotgan abituriyentlar hali yana biroz kutishlariga to‘g‘ri keladi.

Bir abituriyent o‘rniga boshqasi kirsa bo‘ladimi?

Kvota doirasida talabalikka qabul qilingan, biroq o‘qishni xohlamagan abituriyentlarning o‘rni bo‘sh qoladi. Bilimlarni baholash agentligi matbuot xizmatidan aniqlashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, o‘qimaydigan, lekin talabalikka qabul qilingan abituriyentdan keyingi test topshirganlar yuqoriga ko‘tarilmaydi. Agar qabul chizig‘idan pastdagi abituriyentlar talaba bo‘lishni xohlasa, unda super-kontrakt variantini tanlashiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yili birinchi yo‘nalishga “super" qilish imkoni berilgan

2022 yilda Davlat qabul komissiyasi qaroriga ko‘ra, abituriyent o‘zi tanlagan birinchi yo‘nalishga kira olmagan, lekin 2-, 3-, 4- yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, o‘z xohishi bilan birinchi tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishiga ruxsat berilgandi.

Bu istisno 2-, 3- yoki 4-yo‘nalishga taalluqli emas. Ya’ni beshinchi yo‘nalishga o‘qishga kirgan abituriyent ikkinchi yoki to‘rtinchi yo‘nalishni tanlab super-kontrakt qila olmaydi, faqat birinchi yo‘nalishga qilishi mumkin bo‘ladi.