​​Mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?


AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifingda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati rahbari Feruza Madrahimova ushbu savolga javob berdi:

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik borasida, barcha taʼlim vazirliklari bilan hamkorlikda harakatlar dasturi doirasida, avvalo, taʼlim tashkilotlari infratuzilmasi, joylashgan hudud (qizil, sariq, yashil, shahar, qishloq) xususiyatlarni inobatga olgan holda va xorij tajribasi tahlili asosida xavfsiz taʼlim tashkiloti talablari ishlab chiqilmoqda.  

Shuningdek, dars jarayonini tashkil etishda o‘qituvchilarning kunlik ish rejasi shakllantirilmoqda,o‘qituvchilarni kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqilmoqda, malaka oshirish institutlari tomonidan onlayn darslari orqali o‘qituvchilar uchun mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Masofaviy va gibrid (masofaviy+anʼanaviy) taʼlimni tashkil etish tartibi, unda taʼlim sifatini taʼminlash talablari va shartlari ishlab chiqilmoqda. Bunda birinchi navbatda taʼlim oluvchilarning sifatli taʼlim olish huquqlarini taʼminlash va taʼlimda sifat darajasini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda.

Shuningdek, xalq taʼlimi bo‘limi metodistlari tomonidan fanlar kesimida o‘qituvchilarga onlayn uslubiy taʼminoti amalga oshirilmoqda, umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida ichki va tashqi baholashni tashkil etish tartibi bo‘yicha qo‘llanmalar tayyorlanmoqda. Pandemiya sharoitida o‘qituvchilar va ota-onalar uchun maktab o‘quvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va bilim olishga bo‘lgan motivatsiyasini so‘ndirmaslikka qaratilgan tavsiya va qo‘llanmalar ishlab chiqilmoqda.

Yangi o‘quv yilidan har bir hududda bittadan tayanch maktablar faoliyati namunaviy tarzda yo‘lga quyiladi va hududda eng yaxshi tajribalarni yoyuvchi innovatsiya generatoriga aylantiriladi. Shuningdek, 50 dan ortiq matematikaga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Yangi tashkil etilgan 7 ta nodavlat va davlat-xususiy oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga quyish va sifatli taʼlim muhitini yaratish uchun ular bilan hamkorlikda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.