Magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda sertifikat talabi bekor qilinmagan


Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yil 19-iyuldagi PF–114-sonli Prezident Farmoni noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Shu munosabat bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Mazkur Prezident Farmoni bilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi va ba’zilarining ayrim bandlari o‘z kuchini yo‘qotdi.

Xususan, 2021-yil 19-maydagi PQ–5117-sonli Qarorning 6-bandi to‘rtinchi xatboshisi chiqarib tashlandi. Ushbu bandda magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikati talabining ilk joriy etilishi nazarda tutilgan edi.

Biroq, mazkur normaning chiqarib tashlanishi xorijiy til bo‘yicha sertifikatlar talabi butunlay bekor qilindi degani emas.

Sababi, 2024-yil 24-maydagi PF–81-sonli Prezident Farmoni bilan magistratura mutaxassisliklari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etilishi belgilangan:

  • xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha — kamida C1 darajasida;
  • gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taʼlim sohalari boʻyicha — kamida B2 darajasida;
  • boshqa taʼlim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari boʻyicha — kamida B1 darajasida.

Shu munosabat bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi PF–81-son Prezident Farmoni bilan belgilangan xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar talabi hozirda ham amalda ekanini eslatadi va bu borada tarqalayotgan noto‘g‘ri talqinlarga e’tibor bermaslikni so‘raydi.