Kelajak kasblari: qaysi sohani tanlasak yutqazmaymiz?


Zamona zayli shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda yashayapmiz. Bugun bizni eng so‘nggi texnologiya ham hayratga solishi qiyin. Nima uchun bunday? Sababi bu olamda har lahzada o‘zgarish bo‘lyapti, hayron qolishga ulgurolmayapmiz.

Barcha sohalar avtomatlashtirilsa, biz insonlar nima bilan shug‘ullanamiz? Fikrni bir joyga jamlab, o‘ylash lozim: qaysi kasbni boshidan tutsam, ertaga u jamiyatga foyda olib keladi? Bugun tanlagan mutaxassisligim bilan kelajakda ishsiz qolmaymanmi?

Bu borada yoshlarni kasbga yo‘naltirish ishlarining ahamiyati bo‘lak. Xo‘sh, O‘zbekistonda qaysi soha jadallik bilan rivojlanyapti, yaqin kelajakda qanday kadrlarga ehtiyoj ortadi?

«O‘zbekistonda qanday kasblar borligini o‘zbek tilida bilish imkoniyati yo‘q»

Xushnudbek Xudoyberdiyev (huquqshunos):

– Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 oktyabrdagi «Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori (oxirgi marta 2019 yil 24 yanvarda qo‘shimchalar kiritilgan) qabul qilingan. Bu ro‘yxatda, birinchidan, ma'nan eskirgan kasblar bor. Klassifikatorning yangilangan versiyasida tor doiradagi kasblar ham kiritilgan. Buni tan olish kerak. Ammo baribir ham bozor iqtisodiyoti sharoitidagi mehnat bozoriga moslashtirib qayta ko‘rib chiqish zarur.

Ikkinchidan, kasblar ro‘yxati rus tilida berilgan. Uning o‘zbekcha rasmiy matni yo‘q. Bu yerda til masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Xuddiki o‘zbek tilida kasblarning nomini yozib bo‘lmaydigandek taassurot uyg‘onmoqda. O‘zbekiston aholisining asosiy qismi o‘zbek tilida so‘zlashadi-ku. Yoshlarimiz yurtimizda qanday lavozimlar borligini o‘z ona tilida bilish imkoniyatiga ega emaslar.

20-30 yildan keyin hozir amalda bo‘lgan ayrim kasblarga ehtiyoj qolmaydi. Bu shiddat bilan rivojlanayotgan texnologiya natijasida yuzaga keladi. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari to‘liq avtomatlashtirilayotgan bir paytda 20-30 yildan keyin inson resursiga, ba'zi kasblarga talab mutlaqo yo‘qoladi. Masalan, to‘liq avtomatlashtirilgan taksilar hayotga tatbiq etilsa, haydovchilarning keragi bo‘lmaydi. Yoki huquqshunoslarni olaylik: ularning o‘rnini bosuvchi robot yaratilgan va undan bemalol huquqiy maslahat olishingiz mumkin. Demak, bu kabi holatlar kelajakda ko‘plab kasblar istiqbolini xavf ostiga qo‘yadi.

Mehnat bozori va OTMlar o‘rtasidagi aloqa juda achinarli. Oliygohlarning jahon reytingiga kirishi haqida ko‘plab mulohazalar aytilyapti. Ushbu ro‘yxatga kirishda ish beruvchilarning bitiruvchilar bilimi haqidagi fikri ham alohida ahamiyatga ega. Biz nega kuchli reytinglarga kirolmayapmiz? Bizda ish beruvchilar va OTMlar munosabatlarini tartibga soluvchi aniq mexanizm yo‘q. Sababi oliygohlarni tugatayotganlarning ko‘pchilik qismi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamaydi. Imkoniyati darajasida to‘g‘ri kelgan joyda faoliyat olib boraveradi.

Undan tashqari, kadrlarni ishga olish tizimi ham tushunarsiz. Bitta lavozimga A va B universitetidan nomzodlar bo‘lsa, ular baravar olinadi. Bu oliygoh talabalari yaxshi o‘qitiladi, boshqasi sal pastroq darajada, degan tushunchaning o‘zi ham yo‘q. Qayerda o‘qiganligi ahamiyatsizga aylanib qolgan.

Bitiruvchilarni ishga joylashtirish monitoringi ham qog‘ozbozlikka to‘lib ketgan. OTMni tamomlayotganda uch tomonlama shartnoma imzolanmasa, diplom berilmaydi. Natijada, bitiruvchilarning ishga joylashganligi to‘g‘risida soxta statistika tuziladi. Mana shu holatning o‘zi ham mehnat bozori bilan integratsiya bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslanmaganligini ko‘rsatib turibdi.

2018 yilda O‘zbekistonda eng ko‘p maosh to‘lanadigan kasblar ro‘yxatini o‘qidim. Unda 20ta kasb berilgan bo‘lsa, yarmi axborot texnologiyalari sohasi vakillaridan iborat. Bu kasblarga talab oshsa oshadiki, aslo kamaymaydi. Ularni egallash uchun oliy ma'lumot ham talab etilmaydi. 3-6 oylik kurslarda o‘qishning o‘zi yetadi. Moslashuvchan kasblar sirasiga kirgani uchun talab ancha baland bo‘ladi.

«Ish beruvchilarning fikri – XXI asr universitetlarining asosiy tamoyili bo‘lishi kerak»

Azamat Akbarov («Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti birinchi prorektori):

– 2035 yilga borib dunyoda 70 foizga yaqin ish avtomatizatsiyaga o‘tadi. Yaqin kelajakda O‘zbekiston aholisi 40-42 millionga yetishini hisobga oladigan bo‘lsak, mehnat bozorida kadrlarga ehtiyoj kengayadi. Bunda OTMlar raqobatbardosh o‘quv reja ishlab chiqishlari kerak. Bitiruvchi talabalarimizga beradigan diplomimiz kamida o‘n yil o‘z kuchini yo‘qotmasligi kerak.

Zamon o‘zgarib ketyapti, oliygohlar o‘z konsepsiyasini o‘zgartiryapti. AQShning Silikon vodiysi (mashhur texnologik kompaniyalar joylashgan joy)ga borsangiz, 4 yillik diplom emas, axborot texnologiyalari bo‘yicha oylik kurslar sertifikatining o‘zi kifoya qilmoqda.

O‘zbekiston turizmi jadallik bilan ildamlab boryapti. Bu vaziyat sohada yetuk kadrlarga ehtiyojni paydo qiladi. Shuni anglagan holda, keyingi o‘quv yilidan boshlab universitetimizda respublikada ilk bor influyenserlik marketingi va sayohat jurnalistikasi mutaxassisliklarini ochmoqchimiz. Nima uchun? G‘arbda 18-35 yoshdagi insonlarning 70 foizi blogerlarning ijtimoiy tarmoqlarda izohlarini o‘qib sayohat rejalarini tuzisharkan. Demak, ularning turizmga ta'siri juda katta.

Bizning universitetimizda imtihonlardan tashqari 14 hafta to‘liq o‘qish davri hisoblanadi. Semestr mobaynida kamida 4 marta soha bo‘yicha amaliyotchi mutaxassisni mashg‘ulot o‘tishga taklif qilish bo‘yicha o‘qituvchilarimizga vazifa yuklaganmiz. Chunki maqsadimiz – universitet va mehnat bozori o‘rtasidagi uzilgan rishtalarni bog‘lashdir.

Aksariyat bitiruvchi talabalar o‘z sohasida qanday yangiliklar bo‘layotganidan umuman xabari yo‘q. Bunday bo‘lmasligi uchun ish beruvchilar bilan har semestrda kamida bir marta majlis o‘tkazmoqchimiz. Ulardan talabalarimizning salohiyati haqida so‘raymiz, o‘qitishda qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotganimiz bo‘yicha fikrlashamiz.

Ish beruvchilarning talab takliflarini o‘rganib, o‘quv rejaga yangi fanlar kiritamiz, olib tashlashimiz ham mumkin. Shunday ekan, ish beruvchilarning fikri XXI asr universitetlarining asosiy tamoyili bo‘lishi kerak. O‘quv rejalarimizni dunyo trendlariga, ya'ni kelajak kasblariga qarab o‘zgartirishimiz kerak. Bunda bizga eng katta ko‘makchilar – ish beruvchilardir, chunki ular sohadagi barcha o‘zgarishlardan xabardor.

«Germaniyada maktab va bog‘cha bolalari OTMlarga ekskursiya qilishadi»

Muhammadsaid Fatullayev (Germaniyadagi Schmalkaden amaliy bilimlar universiteti talabasi):

– Kelajakda IT sohasi bo‘yicha tayyorlangan mutaxassislar talabgir bo‘ladi. O‘zbekiston sharoitida aytadigan bo‘lsam, bizga axborot texnologiyalari endi kirib kelyapti. Shuning uchun bir necha o‘n yillardan keyin va hatto hozir ham dasturchilarga ehtiyoj yuqori o‘rinda turadi.

Iqtisodchi, turizm boshqaruvchisi, xizmatlar sohasidagi mutaxassis boshqaruvchilar ham bizga juda kerak bo‘ladi. Ma'lumki, turizm rivojlanayotgan bir paytda bu sohani boshqaruvchi menejyerlarga ham talab ortadi. Raqamli iqtisodiyot ham sifatli kadrlarni qidirishga tushadi. Inflatsiya, narx-navo, loyihalarni moliyalashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish kabi masalalarni hal qiladigan mutaxassislarga muhtojmiz.

Mehnat bozori nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda sifatli dasturchilarga ehtiyoj sezmoqda. Xalqaro talaba sifatida shuni aytishim mumkinki, bank-moliya, xalqaro iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, xalqaro munosabatlar sohalarini o‘rganish davr talabiga aylanib boryapti.

Germaniyada yoshlarni kasbga yo‘naltirish maktabdan, hatto bog‘chadan boshlanadi. Ko‘p kuzatganman: bolalar universitetimizga tez-tez kelib turishadi. Murabbiylar o‘quvchilarga avtomobil maketlari, kichik robotlarni ko‘rsatib tanishtirishadi. Bu orqali ularda texnikaga qiziqish hissini uyg‘otishga yordam beradi.

Germaniyada ta'lim bepul, iqtisodiyot barqaror. Shuning o‘zi ham insonni xotirjam ta'lim olishga undaydi. Universitetimizda yirik kompaniyalarning bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Bu amaliyot o‘qishni bitirmasdan turib ishli bo‘lishga yordam beradi. Ko‘plab yoshlarga motivatsiya vazifasini ham o‘taydi.

Hukumat proforiyentator vazifasini bajara olyaptimi?

Xurshida Maxmadaminova (Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparati sho‘ba mudiri):

– Prezidentning 2018 yil 20 avgustdagi PQ-3913-sonli qarori bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparati tizimida bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish sho‘'basi tashkil qilindi. Sho‘'ba tomonidan bir qator ishlar qilindi, jumladan, o‘rta maktab o‘quvchilarida turli kasblar to‘g‘risida to‘g‘ri va to‘liq ma'lumotlar olish imkoniyatini yaratish, ularni qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda mehnat bozoridagi talab yuqori bo‘lgan kasblar tanlovini o‘zlari amalga oshirishi uchun maktab o‘quvchilariga yordam ko‘rsatish, ularda ish beruvchilar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatish, rezyumelar to‘ldirish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish uchun Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridan tanlab olingan maktablar negizida maxsus situatsion xonalarni tashkil qilish bo‘yicha harakatlar boshlangan.

Vazirlikda ishsizlarni kasbga o‘qitish va kasbga yo‘naltirish jarayoni bir-biriga bog‘liq holda hamda tizimli olib boriladi. Respublikaning 200ta tumanidagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilgan fuqarolarga markaz mutaxassislari tomonidan mavjud vakansiyalar, kasbga o‘qitish jarayonlari, zamonaviy mehnat bozori talablaridan kelib chiqib ish beruvchilar tomonidan berilgan vakansiyalar va ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra kasb-hunarga o‘qitiladi.

Tabiiyki, qisqa muddatli o‘quv kurslarda hozirda talab eng yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitilib, mehnat qonunchiligidan ham tushunchalar beriladi. Aslini olganda, har bir ishga joylashtirish mutaxassisi eng avvalo proforiyentator sifatida suhbat qiladi, kasbga yo‘naltiradi va natijada fuqaroga mos keladigan bandlik xizmatini ko‘rsatadi.

Vazirlik Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta'limi vazirligi bilan birgalikda, mehnat resurslari balansining prognoz parametrlari asosida, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha oliy va kasb-hunar ta'limi yo‘nalishlari uchun mutaxassislar tayyorlashda o‘z takliflarini beradi.

Yaqin kelajakda O‘zbekiston mehnat bozorida axborot texnologiyalari yo‘nalishiga hamda jadal sur'atlar bilan rivojlanayotgan turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillariga, qurilish sohasi injyenerlariga, bundan tashqari zamonaviy mehnat bozoriga kirib kelgan yangi kasblar: qariyalarni parvarishlovchi, batler (uy boshqaruvchisi) kabi, qolaversa, yengil sanoat sohasi, ayniqsa, mahalliy xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash mutaxassislariga extiyoj ortadi, deb o‘ylayman.

Ma'lumot o‘rnida

UNICEFning maxsus loyihasi bo‘lgan U-REPORT yoshlar platformasi 2019 yil 13 may kuni yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda 6300dan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar qatnashdi. Respondentlarning fikriga ko‘ra, kasb tanlashda quyidagi 4 omil ta'sir o‘tkazadi:

· shaxsiy qobiliyat (34%);

· kasbga muhabbat (20%);

· moliyaviy imkoniyatlar (20%);

· ota-onalar qarori (11%).

Ishtirokchilarning 82 foizi yoshlarni kasbga yo‘naltirish hukumat tomonidan tashkil qilinishi kerak, deb hisoblashadi.

Muhabbat Ma'mirova

Kun.uz